O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan “O’zbekistonlik” nomli xalqaro forum doirasida chet ellardagi ko‘zga ko‘ringan o‘zbekistonliklar haqida hikoya qiladigan shu nomli filmning ikkinchi qismi taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi , “Orient Group” kompaniyasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda “Uzbekistan Airways” hamkorligida tashkil etilgan anjumanda ikki yuzdan ziyod hamyurtlarimiz – ishbilarmonlar, ijodkorlar, shuningdek yevropalik diplomatlar va ekspertlar ishtirok etdi.

Ushbu forum chet elda yashab, mehnat qilayotgan, turli yutuqlarga erishgan vatandoshlarimizni jipslashtirishga yordam beradi, mamlakatimiz intellektual va iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘lida xorijdagi vatandoshlar va yurtimiz o‘rtasida hamkorlik ko‘prigini barpo etish imkonini beradi.

Tadbirda Orol orzusi loyihasining xalqaro PR-dasturi taqdim qilindi. Bunda tadbir mehmonlari Orolbo‘yi hududidagi muammolarni hal etishning innovatsion yechimi haqida talay ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, forum ishtirokchilari e’tiboriga Orol muammosiga bag‘ishlangan qisqa metrajli “Sho’rxok” filmi hamda O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov va “Orzular oroli” loyihasi doirasidagi «Elektrooko» guruhining “Ertangi Kun” videoklipi ham namoyish etildi.

Anjuman yakunida rejissyor Muxlisa Azizova tomonidan suratga olingan “O’zbekistonlik” filmining ikkinchi qismi taqdim etildi. Mazkur kino asari ikki vatandoshimizning chet eldagi qiyin hayot yo‘li va erishgan yutuqlari hikoya qiladi. Dmitriy Bogdanov dastlab Toshkentda, so‘ngra Berlinda “kosmik texnologiyalar” bo‘yicha tahsil olgan. bugungi kunda u mashhur milliarder Ilon Maskning “Space X” kompaniyasiga sun’iy yo‘ldoshlar yetkazib beradi. Filmda shuningdek, navoiylik Mushtariy Sharifova haqida ham hikoya qilinadi. O‘zbekistonda va Berlinda biznes-menejment bo‘yicha tahsil olgan bu o‘zbek qizi bugun “Tesla” kompaniyasida ishlayotgan birinchi qiz hisoblanadi.

 

Roman BONDARCHUK, O‘zA