Farmon va ijro

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Data Center and Cloud Forum” Yevroosiyo forumi bo‘lib o‘tdi.

“Huawei” kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan forumda mahalliy va xorijlik mas’ullar hamda mutaxassislar ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, “Huawei” kompaniyasining Yevroosiyo mintaqasi prezidenti Deniyel Chjou va boshqalar “Raqamli O‘zbekiston”ni rivojlantirish borasida erishilgan asosiy yutuqlar va davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda bu borada erishilgan natijalarni alohida ta’kidladi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu ishlarni tizimli tashkil etishda muhim huquqiy asosdir. bugungi kunda respublikamizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish borasida kompleks chora-tadbirlar ko‘rilayotir. Jumladan, bu jarayonda elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida IT-parklarni tashkil etish hamda malakali kadrlar tayyorlashga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu forum doirasida bulutli hisoblash va ma’lumotlar markazlarini qurish, bulutli hisoblash uchun texnologik yechimlar masalalari muhokama etildi. Ma’lumot o‘rnida, bulutli hisoblash elektron hisoblash xizmatlarini kompyuter tarmoqlari orqali yetkazib berishdir.

“Huawei” kompaniyasining Yevroosiyo mintaqasi prezidenti Deniyel Chjou O‘zbekiston raqamli rivojlanish sohasida sezilarli muvaffaqiyatga erishganini, BMT yaqinda e’lon qilgan «Elektron hukumat»ni rivojlantirish global reytingi bo‘yicha O‘zbekiston 18 pog‘onaga ko‘tarilganini ta’kidladi.

– O‘zbekiston global raqamli tendensiya doirasida muvaffaqiyatli rivojlanib, davlat xizmatlarining raqamli transformatsiyasini jadallashtirishga faol sarmoya kiritmoqda. Yagona ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazining yaratilishi bilan O‘zbekistonda mutlaq imkoniyatlarga ega ma’lumotlar markazlarining yangi davriga eshik ochildi. Milliy ma’lumotlar markazini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan loyiha boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘ldi, – dedi Deniyel Chjou.

“Ma’lumotlar markazi va bulutli forum” Yevroosiyo forumi doirasida “Yevroosiyo mintaqasida raqamli transformatsiyani jadallashtirish uchun to‘liq huquqli ekotizimni birgalikda qurish” mavzuida strategik sessiyasi ham o‘tkazildi. Unda ma’lumotlar markazlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish, bulutli xizmatlarni taqdim etish va rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish uchun professional platformaga aylandi.

– Joriy yilning 27 avgust kuni O‘zbekistonda ilk bor “Elektron hukumat” axborot tizimlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi ishga tushirildi, – dedi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi direktori Aziz Muhiddinov. –Ushbu loyiha O‘zbekiston hukumatining iqtisodiy va ijtimoiy hayotning barcha sohalarini raqamli o‘zgartirishni amalga oshirish borasidagi qat’iy irodasi tufayli amalga oshirildi. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinganidan buyon mamlakatda aholi hayotini yanada raqamli qilish uchun davlat xizmatlarini yaxshilash va AKT infratuzilmasini mustahkamlash borasida katta qadam tashlandi. Ushbu ma’lumotlarni qayta ishlash markazining ulkan quvvatiga ega bo‘lishi esa davlat uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Elektron hukumat buluti standartlashtirilgan, moslashuvchan, ishonchli va xavfsiz bulut xizmatlarini taqdim etish uchun rivojlanishda davom etadi, davlat organlari uchun raqamli resursga aylanadi va bo‘limlar o‘rtasida samarali ma’lumotlar almashinuvini ta’minlaydi. bugungi ilg‘or veb-asos, bulut va hisoblash texnologiyalaridan foydalanishni hisobga olsak, bu yangi iqtisodiy qiymat yaratishga yordam beradi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “Huawei” kompaniyasi O‘zbekistonda 23 yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritib, mamlakatning AKT infratuzilmasini mustahkamlash bo‘yicha davlat muhim loyihalarida, jumladan, beshinchi avlod tarmoqlarini joriy etish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish loyihalarida ishtirok etib kelmoqda. 2022 yil 23 may kuni “Huawei” kompaniyasi mamlakatimizning bulutli texnologiyalarni joriy etish va raqamli salohiyatini rivojlantirishda texnologik hissa qo‘shish maqsadida “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA