Bugun xalqimizning ardoqli shoirasi Zulfiyaxonim tavallud topgan kun!

Zulfiya (1915—1996). Taniqli o‘zbek shoirasi Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-martda Toshkentda hunarmand-degrez oilasida tug‘ildi.

Bu oqshom

Bu oqshom porillar dil nuringizda,
Diydor baxti nasib yana Siz bilan.
Turibman, azizlar, huzuringizda
Hamon o‘tlig‘ ko‘ngil, yorug‘ yuz bilan.

Hamon mulkimdagi siymu zarim – she’r.
Sochimda, chehramda yillardan nishon,
Sajdagohim tanho Vatan, Ona Yer,
Orzularim karvon, sarbonim – ishonch.

Hamon ota-onam, ikki jahonim
Aziz yodi aro shikasta, butman
Ishqim – alangadir, qordir hijronim
Sakson yil lovullab so‘nmagan o‘tman.

Ikkita ko‘zimga ikki qorag‘ich –
Munisim Hulkarim, alpim omonim
Shirin nabiralar hayotdan tortig‘
Har biri joniga payvanddir jonim.

Nomlari , yodlari payg‘ambar monand
Hazrat ustozlarim – teran ildizlar,
Men undan jon olib ko‘kargan daraxt,
Mevasi – qalbimdan otilgan so‘zlar.

Hikmatlar bag‘rida dur, marvaridim
Ajdodlarim menga iftixor, g‘urur
Shu mavjlardan tomgan nuqra umidim
Shoira qizlarim baxsh etgan surur.

Bu nazm bog‘iga kirolmas xazon,
Bizni mahf etolmas zavol lashkari,
Men ketsam mung‘aymas umrim hech qachon,
Bu bog‘lar – bir bog‘lar bo‘ladi hali…

Hamon e’tiqodim – haqiqat, haqdir,
So‘zlayman, yuzimni tutib Ka’baga,
Yemira olmaydi o‘tkinchi taqdir,
Osuda o‘tadi ruhim abadga.

E’zozlar, ardog‘lar uchun tashakkur
Asli Siz oftobim, men ziyosiman.
Tonglaringiz kulsin dorilomon, hur,
Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman.
1995