Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan aholini, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ijtimoiy adolat prinsiplaridan kelib chiqib moddiy qo‘llab-quvvatlash, turmush darajasini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, — Qonun loyihasi yuzasidan ma’ruza qilgan Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev. — Mazkur qonun loyihasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo‘shib hisoblanadi. Bunda nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yo‘qotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga o‘tmasa), I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo‘shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi. Qonun loyihasi bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya tayinlangandan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, ish staji va ish haqini hisobga olgan holda hamda kelgusida har 2 yilda nogironlik pensiya miqdorlarini qayta hisoblash amaliyoti joriy etiladi, — dedi ma’ruzachi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qonun loyihasida aks etayotgan tartiblar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 21 iyunda qabul qilingan va 2022 yil 4 avgustda Senat tomonidan rad etilgan «O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi qonunni Qonunchilik palatasida qayta ko‘rib chiqishdan olib tashlab, Vazirlar Mahkamasiga yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qonunda FHDYO organi tomonidan nikoh tuzishga bir oyda ruxsat beruvchi qoidani chiqarib tashlash, ellik yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki o‘rtada bolasi bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek, homilador ayol va uning tug‘ilajak bolasini o‘z bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish ixtiyoriy ekanligini belgilash ko‘zda tutilgan. Mazkur qonun Senat tomonidan rad etilgan.

— Senat rad etgan ushbu qonun jamiyat uchun muhim va amaliyotda odamlarni ortiqcha sarson bo‘lishining oldini oladi, — dedi deputat Rasul Kusherboyev. — Shunday ekan, qonunchilikda belgilangan vakolatdan foydalanib, qonun loyihasini qayta qabul qilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga imzoga yuborish mumkin. Shu kungacha amaliyotda bu vakolatdan foydalanilmagan.

Qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan mazkur masalani deputatlarning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlamadi.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA