Yoshlar – ertamiz egalari, kelajak bunyodkorlaridir.

Shu bois, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida yoshlar bilan doimiy muloqot qilishga, yoshlar masalasiga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi hamda partiyaning Markaziy apparati tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan “Istiqlolning iqtidorli yoshlari: shaxsiy faollik va samarali natija” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi, kelajagimiz egalariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik borasida so‘z bordi.

— Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida o‘z faoliyatini boshlagach, birinchi imzolagan qonun aynan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun bo‘lgani zamirida ham katta ma’no-mazmun mujassam, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari Zuhra Ibrohimova.

— Mazkur qonun yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, yoshlarning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, o‘tgan davrda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid o‘nlab farmon va qarorlar qabul qilingani davlatimiz rahbarining yoshlar masalasiga naqadar ustuvor ahamiyat qaratayotganining yorqin ifodasidir.

Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati, yosh avlodning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi islohotlar parlamentda ham o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 6 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

Yoshlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish maqsadida Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi tuzildi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi huzurida Yoshlar parlamenti tashkil qilindi. Hozirgi kunda Komissiya va Yoshlar parlamenti a’zolari qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni keng jalb etish va qabul qilinayotgan qonunlarni yosh avlod orasida keng targ‘ib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishda faol ishtirok etmoqdalar, — dedi fraksiya rahbari.

Tadbirda so‘z olgan partiya faollari va yoshlar yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdilar.

— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda 30 iyun — “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi, — dedi “Adolat” SDP Markaziy apparati raisi o‘rinbosari Umid Sulaymonov. — Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarimizni rag‘batlantirib borish maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi. Yoshlarning bilimi va iqtidorini rivojlantirish maqsadida mutlaqo yangi namunadagi ta’lim maskanlari — “Prezident maktablari”, “Temurbeklar maktabi”, “Ijod maktablari” ham bugungi globallashuv sharoitida raqobatga qodir bo‘lgan yetuk kadrlarning yangi avlodini tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Bu kabi amaliy ishlar kelajagimiz bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizni yurt taqdirini o‘z bo‘yniga olishga qodir qilib tarbiyalashga zamin bo‘ladi.

Davra suhbatida qayd etilganidek, keyingi yillarda joriy etilgan “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” asosidagi amaliy ishlar natijasida minglab yigit-qizlarning muammolari hal etilmoqda, kam ta’minlagan oilalar farzandlari bo‘lgan talabalarning kontrakt puli to‘lab berilmoqda, ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 700 mingdan ortiq yigit-qizlarning muammolarini hal etishga 650 milliard so‘m yo‘naltirildi. So‘nggi ikki yilda 174 ming nafar yoshning tadbirkorlik loyihalari uchun 4 trillion 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berildi, 560 ming nafariga dehqonchilik uchun yer maydoni ajratilib, bandligi ta’minlandi.

Bu boradagi ishlarga javoban yurtimiz yoshlarining faolligi ham ortib borayotir. Xususan, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida yoshlar o‘z taklif va tashabbuslari, fikr-mulohalari bilan faol ishtirok etmoqda. Konstitutsiyamizni takomillashtirish bo‘yicha kelib tushgan taklif va tashabbuslarning  70 foizga yaqini aynan yoshlar tomonidan berilgani e’tiyuorga molik.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislar zali, kutubxonasi, parlament muzeyi bilan tanishdilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA