Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 1–14 avgust kunlari davomida ichki bozordagi asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlarini tahlil qilgan.

Unga ko‘ra, bu davrda bozorda piyoz 350 so‘mga, sarimsoq piyoz 1000 so‘mga, bulg‘or qalampiri 2 ming so‘mga va uzum 9 ming so‘mga arzonlagan. Shu bilan birga, banan 2,5 ming so‘mga, apelsin 1,5 ming so‘mga va qovun 6,5 ming so‘mga qimmatlashgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-14 avgust kunlari umumiy qiymati 48,6 million dollarlik o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 million dollarga ko‘p jami 62,9 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan. Xususan, shu davrda 15,4 ming tonna uzum, 9,5 ming tonna qovun, 6,6 ming tonna olxo‘ri, 4,4 ming tonna loviya, 3,4 ming tonna anjir, 2,4 ming tonna tarvuz, 1,4 ming tonna quritilgan meva, 1,3 ming tonna sabzi, 1,1 ming tonna mayiz 1,0 ming tonna shaftoli tashqi bozorlarga yetkazib berilgan.

Qolaversa, O‘zbekistonga 4,8 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 3,5 million AQSH dollariga import qilingan. Bu ko‘rsatkich, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,9 million dollarga ko‘p.

Yana bir ma’lumot, «Qo‘yliq» bozoriga 1-14 avgust kunlari mamlakatimizning turli hududlaridan jami 13,6 ming tonna, xususan, 5,1 ming tonna kartoshka, 6,4 ming tonna piyoz, 480 tonna karam va 1,7 ming tonna sabzi keltirilgan. Bundan tashqari, hududlardan «Chorsu» dehqon bozoriga 1-14 avgust kunlari jami 161,9 tonna, shu jumladan 140,4 tonna mol go‘shti va 21,5 tonna qo‘y go‘shti keltirib sotilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, vazirlik tahlilida faqat qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlari qayerdan qayerga yetkazib berilgani haqida ma’lumot berilgan. Biroq, birlamchi oziq-ovqatlarning narxi nega oshyapti? Bunga nima ta’sir qilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berilmagan. Qolaversa, O‘zbekiston nega 4,8 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 3,5 million AQSH dollariga import qilgan. Buning sabablari keltirilmagan? O‘ylaymizki, kelgusi tahlillarda bu jihatga e’tibor qaratiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA