Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlar soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmasa, ularni nimalar kutayotganini eslatib o‘tdi.

Qayd etilishicha, soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun soliq to‘lovchi bo‘lgan yuridik shaxs yoki jismoniy shaxs ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Hisobotlarni vaqtida topshirmaslik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlarga bazaviy hisoblashning 3 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.  Yuridik shaxsning rahbariga esa BHMning 10 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish o‘rinliki, Soliq kodeksining 220-moddasida tadbirkorlarga soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaslik ilgari tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan ma’muriy javobgarlik bilan bir qatorda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishiga ham sabab bo‘ladi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 7 sentyabrdagi «Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan ushbu moliyaviy sanksiyalar bekor qilingan.

Davlat soliq qo‘mitasining qayd etishicha, soliq to‘lovchilar soliq hisobotlarini belgilangan muddat tugaganidan keyin 10 kun ichida taqdim etmasa, soliq to‘lovchining bank hisob varaqlari bo‘yicha operatsiyalari to‘xtatiladi.

Ushbu huquqbuzarlik birinchi marotaba sodir etilsa, huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan taqdirda javobgarlikdan ozod etiladi.

Mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan to‘liq ozod qilingan tadbirkorlik sub’ektlari ushbu soliqlarning 1 foizini to‘laydi. Bu me’yor Soliq kodeksining 483-moddasi, Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilangan imtiyozlarga nisbatan qo‘llaniladi. Eslatib o‘tamiz, o‘zgarish 2022 yil 7 avgustdan kuchga kirgan.

1 foiz stavka qo‘llaniladigan soliq to‘lovchilar joriy yil 10 avgustgacha soliq organlariga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha yangilangan ma’lumotnomani taqdim etishi, avgust oyi uchun hisoblangan summani to‘lashi shart.

Sh.Mamaturopova, O‘zA