Poytaxtimizda Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZ hamkorligida iqlim o‘zgarishi sohasida yangi mintaqaviy loyihaning amalga oshirilishi borasida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda GIZ o‘rtasida bitim imzolandi. Markaziy Osiyoda iqlim xavflarini boshqarish mintaqaviy loyihasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 10 million yevroni tashkil etib, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi hamda 2022-2026 yillarda implementatsiya qilinadi.

Tadbirda O‘zbekiston iqlimi kun tartibining eng muhim jihati «yashil» iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish ekanligi qayd etildi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, uglevodorodlardan foydalanishni qisqartirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shunday qilib, 2030 yilga kelib energiya samaradorligi ko‘rsatkichi ikki baravar oshishi va yalpi ichki mahsulotning uglerod iste’molini pasayishi kutilmoqda.

Loyihaning amalga oshirilishi Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda iqlim o‘zgarishi sohasidagi davlat idoralari mutaxassislari uchun kadrlar salohiyatini institutsional mustahkamlash va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqlim kun tartibi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga va o‘zaro transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA