Munosabat

Jamiyatning asosiy tayanchi bu – oila. Oilada ma’naviy muhitni yaxshilash, farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyat, milliy qadriyatlarni singdirish va qator tashabbuslarda faol, shijoatli va tashabbuskor ayollarning o‘rni bor.

Davlatimiz rahbari 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabti bilan xotin-qizlarga yo‘llagan tabrigida aynan obro‘-e’tiborli, katta hayotiy tajribaga ega “Oqila ayollar” harakatini tashkil qilishni taklif etib: “Bu harakat tom ma’noda «mahallaning vijdoni»ga aylanishi kerak. Chunki, ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi. Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurish, jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish haqida gapirar ekanmiz, bu ishlarni oila, onalar ma’naviyati bilan uzviy amalga oshirishimiz zarur.

Bugun biz Vatanning shon-shuhratini yuksaltiradigan tarixiy davrga qadam qo‘ygan ekanmiz, Sizlar farzandingizning qalbiga ulug‘ maqsadlarni, ezgu g‘oyalarni singdiring, buyuk orzularni joylashga intiling. Maqsadimiz – har bir oila, xonadon va mahalla mana shu ulug‘ harakatning markaziga aylansin”, deb ta’kidlagan edilar.

Shundan so‘ng Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan hududlarda xayotiy tajribaga ega tashabbuskor ayollar harakatlari yo‘lga qo‘yila boshlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalarida 35-40 nafardan, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarida 30 nafardan, mahallalarda 15 nafardan faol va tashabbuskor targ‘ibotchi ayollardan iborat tarkib shakllantirilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular  xonadonbay yurib, xotin-qizlarning sharoitini o‘rganib, ma’naviyat ulashish bilan shug‘ullanmoqda.

Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining “Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  Qaror bilan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalarida doimiy faoliyat yurituvchi jamoatchilik tuzilmasi – “Oqila ayollar” harakati tashkil etildi. Bir so‘z bilan aytganda, harakatning huquqiy asosi yaratildi.

Ushbu qarorning kuchga kirishi xotin-qizlarni yanada ruhlantirib yubordi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: mazkur jamoatchilik tuzilmasi nima beradi?

Qarorda harakatning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

– jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish, ezgu g‘oyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas an’analarni singdirishga qaratilgan tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish;

– mahallalarda oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati, ibratli ota-ona bo‘lishning ahamiyati, ma’rifatli jamiyatni qurishda ma’rifatli onalarning rolini keng targ‘ib qilish;

– ayollar, ayniqsa, yosh qizlarda oilaga va Vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik tuyg‘ularini singdirish, “odobli qiz” va “ma’rifatli ona” qiyofasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

– farzand, ayniqsa, qizlar tarbiyasi, oila, onalar ma’naviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib etish, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashish;

– yoshlar o‘rtasida oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida bo‘lish masalalarini hamda “Oila – muqaddas” tushunchasini keng targ‘ib qilish;

– xotin-qizlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, ularga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqchil tilda tushuntirish.

Harakat, qoida tariqasida, Qo‘mitada – 50 nafar, tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalarida – 35-40 nafardan, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarida – 30 nafardan faol va tashabbuskor ayollardan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Bunda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan har bir mahallada 15 nafar faol va tashabbuskor ayollardan iborat Harakatning boshlang‘ich guruhlari tashkil etiladi.

Qo‘mita raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari tegishlicha Qo‘mita, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)larda “Oqila ayollar” harakati faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Harakat va uning boshlang‘ich guruhlari tarkibiga kiritilgan faol va tashabbuskor ayollar Harakat tomonidan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, farzand tarbiyasi, oila va xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirish yo‘nalishida amalga oshirgan ishlarining natijadorligiga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan rag‘batlantirib boriladi.

Bunda faol va tashabbuskor ayollar faoliyati natijalari bo‘yicha tegishlicha Qo‘mita raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari tavsiyasiga asosan davlat mukofotlari, “Mo‘’tabar ayol”, “Mahalla iftixori”, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni va boshqa esdalik, ko‘krak nishonlari, idoraviy mukofotlarga tavsiya etilishi, shu jumladan, sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berilishi mumkin.

Darhaqiqat, agar yuqoridagi vazifalar amalda tatbiq etilsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhit shakllanadi, aholiga ezgu g‘oyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas an’analarni singdirish orqali oilalar mustahkamlanadi, oilaviy ajrimlarning oldi olinadi, hech bir farzand e’tibordan chetdan qolmaydi.

Eng asosiysi,  bu qaror har bir ayol e’tiborda, e’tirofda ekanligini, davlatimiz rahbarining xotin-qizlarga alohida g‘amxo‘rligini anglatadi.

Ra’no TURDIBOEVA,

 Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi

raisi o‘rinbosari.

O‘zA