Onlayn

Oliy Majlis Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisi bugun o‘z ishini davom ettirmoqda.

Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlisda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, joylardagi Senat a’zolari va mas’ul shaxslar esa videokonferensiya aloqa tizimi orqali ishtirok etmoqda.

Majlis senatorlarning Senat qarorlari ijrosi va boshqa muammoli masalalar bo‘yicha chiqishlari bilan boshlandi.

Ushbu masala doirasida senatorlarning joylarga chiqib o‘tkazgan o‘rganishlari, aholi murojaatlari bo‘yicha olib borgan amaliy ishlari natijalariga ham e’tibor qaratildi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi bir nechta qishloq aholisi uzoq yillardan beri ichimlik suvi masalasida qiynalib kelayotganini, ushbu masalani o‘rganish natijasi bo‘yicha «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik kompaniyasiga senator so‘rovi yuborilganini ta’kidladi.

So‘rov yuborilganidan keyin suvdan qiynalayotgan o‘sha mahallalarga 12,7 km. suv quvurlari yotqizilgan. Biroq, odamlarga suv to‘liq yetib bormagan. Ya’ni ish o‘lda-jo‘lda qoldirilgan. Bu masala bo‘yicha ikkinchi bor senator so‘rovi yuborilganda, «O‘zsuvta’minot» tomonidan bu maqsadda mablag‘ ajratilmaganini bahona qilingan.

Xalq manfaatini ta’minlash, aholini qiynayotgan muammolarga yechim topish davlat darajasida talab qilinayotgan bir paytda ishga sovuqqonlik bilan qaralishi, odamlar uchun hayot-mamot bo‘lgan suv muammosi hal etilmasligi, qolaversa, «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik kompaniyasi rahbarining senator so‘roviga bepisandligi majlisda tanqid ostiga olindi.

Senat raisi T.Norboyeva senatorlar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalar bejiz emasligini qayd etdi. Prezidentimiz xalq roziligini eng ustuvor vazifa deb qo‘yganini unutmaslik, inson qadrini nafaqat ulug‘lash, balki amalda ta’minlash hammaning vazifasi.

– Qaysi lavozimda bo‘lishdan qat’i nazar, biz inson roziligi uchun ishlashimiz kerak, – dedi Senat raisi. – Hamma harakatimiz shunga qaratilgan. Bugun ko‘tarilgan masalalar muammolarning ayrimlari, xolos. Bunaqa masalalar har kuni ko‘tarilmoqda. Lekin senatorlar imkoniyat darajasida joylardagi ijro organlari bilan birga hal qilganlarini bu yerda aytib o‘tirmaydi. Bu yerda yuqori darajada, ya’ni Vazirlar Mahkamasi, vazirlik, idoralarga taalluqli bo‘lgan masalalar ko‘tariladi. Xalqning muammolari hukumatga yordam sifatida ko‘tarib chiqilyapti. Albatta, bularni e’tiborga olishingizni so‘raymiz. Bu birgalikda ishlab, xalqning roziligini ta’minlashimiz shart.

Majlis davom etmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA