Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim tizimida yaqinda qayd etilgan 3 ta o‘lim holatida ham uchala bolaning ota-onasi bolaning kasallik turlarini bilib turib tibbiyot varaqasini bola sog‘lom tarzida MTTga taqdim etgan. Ma’lumki, bolaning tibbiyot kartasi xulosasida berilgan ma’lumotlarda kasallik turlari qayd etilsa, birinchi tibbiy yordamni qanday usulda berish aniq bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday holatlarning oldini olish maqsadida MTV tomonidan pedagog tarbiyachilarni ham birinchi tibbiy yordam berishi uchun maxsus dastur ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimida tibbiy xizmatni sifatli tashkil etish maqsadida MTV, Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti hamda YUNISEF ko‘magida tizimda ishlayotgan hamshiralar malakasini oshirish uchun maxsus videomateriallar orqali namoyish etib beradigan elektron platforma ishlab chiqildi. Ayni damda MTV tizimida 8 ming 612 nafar hamshira faoliyat yuritadi, ulardan 26 tasi oliy ma’lumotli.

Lekin 2021-2022-yillar mobaynida MTT faoliyatini o‘rganish natijasida ayrim kamchiliklar aniqlangan. Xususan, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limlari va biriktirilgan poliklinikalar bilan hamkorlikda faoliyatni tashkil etish va tadbirlarning olib borilishi yo‘lga qo‘yilmagan. Poliklinika va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktabgacha ta’lim tuman bo‘limlari va tuman tibbiyot birlashmalari o‘rtasida uzviylik yo‘qligi sababli maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilinganda bolalarning salomatlik holati to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olishning imkoni bo‘lmagan.

Qayd etilishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish sog‘liqni saqlash tizimidagi malaka oshirish muassasalarida har uch yilda kamida bir marta bepul amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Oxirgi 5 yil davomida malaka oshirgan (2018-2022y) maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamshiralarining soni respublika bo‘yicha 3467 nafarni tashkil etdi. Bu maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan hamshiralarning umumiy soniga nisbatan 40,2 foizni tashkil etadi. Qolgan 5145 (59,8%) nafari 5 yilda malaka oshirmagan.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA