Aholining doimiy o‘sishi energiya resurslarining umumiy iste’mol hajmini oshirishga olib keladi va bu esa o‘z navbatida, iqlim o‘zgarishining jiddiy oqibatlariga olib kelishi mumkin. Dunyodagi issiqxona gazlarining uchdan ikki qismi energiya resurslarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Global isish nafaqat o‘rtacha haroratning oshishi, balki butun sayyoradagi ob-havoning nomutanosibligiga olib kelishi va bu esa o‘z navbatida turli xil tabiiy ofatlarni keltirib chiqaradi.

Ushbu havf-xatarlarni oldini olish maqsadida, ko‘pgina mamlakatlar energiya tejaydigan va kam uglerodli binolarni loyihalash va qurishda energiya tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish orqali toza, aqlli va xavfsiz energiya tizimiga faol o‘tmoqda.

Mamlakatlarda energiya tejamkor (ET) va kam uglerodli (KU) qurilishga o‘tish turli yollar orqali amalga oshirilmoqda. 2019-yildan buyon Yevropa Ittifoqi (YI) mamlakatlarida qurilayotgan barcha yangi binolar passiv uy-joy qurish standartlariga mos kelishi ko‘zda tutilib, 2021-yildan esa bu standartlar boshqa binolarga ham tatbiq etilmoqda. Yevropada bir necha ming energiya samarador uylar mavjud va bu raqam o’sishda davom etmoqda.

Passiv uyning asosiy kontseptsiyasi – bu binolarning devorlari, tomlari va derazalari orqali issiqlik yo‘qotilishini kamaytirish, bino devorlarining tashqi yuzalarini yuqori sifatli issiqlik izolatsiyasi, uch oynali derazalar, binoning germetik konstruktsiyalari va issiqlikni qayta tiklash va shamollatish tizimini takomillashtirishdan iboratdir. “Passiv” uyni isitishda quyosh energiyasi, ichki issiqlik manbalari va shamollatish tizimidagi havoni rekuperatsiya qilish orqali olinadigan iliq havodan foydalaniladi.

O‘tgan asrda energiya tejovchi texnologiyalaridan foydalanmagan holda qurilgan binolarning ham energiya samaradorligini oshirish mumkin. Misol uchun, Berlinda (Germaniya) qurilish kompaniyasi o‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan sakkiz qavatli binoni kapital ta’mirlashni amalga oshirdi. Ushbu binolarda rekonstruksiya loyihasi ventilyatsiya tizimlarini yangilash, fasad devorlarini izolyatsiyalash, shuningdek, binoning tomi va fasadiga quyosh panellari tizimini o‘rnatish ishlari amalga oshirilgan. Quyosh panellarida ishlab chiqarilgan energiya akkumulyator batareyalarida saqlanadi va xonadonlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, issiq suv va isitish tizimi uchun ishlatiladi. Yangi qurilish texnologiyalari va materiallar tufayli xonadonlarda issiqlik iste’moli 85 foizigacha kamayadi, 100 foiz mustaqil isitish va zarur elektr energiyasining 50 foizi ta’minlanadi.

Niderlandiya hukumati mamlakatda 2010-yilda boshlangan Energiesprong dasturi orqali mavjud binolarning energiya samaradorligini oshirmoqda. Ushbu dastur mavjud binolarni energiya samaradorligining yuqori standartlari asosida modernizatsiya qilib, ularni nolga teng energiya iste’molli binolarga aylantiradi. Nolga teng energiya iste’moli – bu binoning yashovchilar hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha energiya miqdorini mustaqil ravishda ishlab chiqarish qobiliyatidan iborat. Ushbu dastur doirasida binolarni modernizatsiya qilish bo‘yicha tajriba loyihalari allaqachon Buyuk Britaniya, Kanada, AQSh va Frantsiyada boshlangan.

Binolarning energiya samaradorligi bo‘yicha Yevropa direktivasi (EPBD)ga muvofiq, Yevropa Ittifoqida qurilayotgan barcha binolar energiya sarfi minimal yoki nolga teng bo‘lgan binolarning standartlariga mos kelishi kerak. Shuningdek, Yevropa Ittifoqidagi energiya samaradorligi sertifikatlari binolar uchun majburiydir va ushbu sertifikatlar ijarachilar va xaridorlarga taqdim etilishi zarur. Irlandiya, Gollandiya, Germaniya va Shvetsiyani o‘z ichiga olgan Yevropa bo‘ylab bir qator tadqiqotlar natijasi, energiya tejamkor uylar odatdagi uylarga qaraganda ancha yuqori ijara yoki sotish narxlariga ega ekanligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari orasida Yashil rivojlanish global institutining (GGGI) birinchi a’zo davlati bo‘ldi. Institutga a’zo bo‘lishi orqali, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi sharoitida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish hamda iqlim o‘zgarishi xavfini yumshatishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan.

Bundan tashqari, 2017-yildan boshlab O‘zbekiston ham yashil qurilish o‘tish sari faol harakat qilmoqda. Qishloq joylarda ekologik toza yashash sharoitlarini ta’minlash, jumladan, BMTTD va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamkorligida hamda Global ekologik fondning (GEF) grant mablag‘lari asosida “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uylari qurilishini rivojlantirishga komaklasish” qo‘shma loyihasi doirasida ham amalga oshirilmoqda. Loyihaning birinchi komponenti ET va KU uy-joylariga talabni ommaviy ravishda oshirish uchun Oʻzbekiston banklari tomonidan yashil ipoteka kreditidan foydalanishga yordam beradi.

Mazkur loyihaning uchinchi komponenti doirasida 2022-yilda yangi “Passiv uy” qurilish me’yoriy hujjati va unga qo‘llanmani ishlab chiqish rejalashtirilgan. Takidlash joizki, O‘zbekistondagi ilk passiv uylardan biri 2011-yilda Toshkent arxitektura-qurilish instituti dotsenti Mansur Zohidov loyihasiga ko‘ra Burchmulla qishlog‘i yaqinidagi Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida qurilgan.

Iqtisodiyot va qurilishda yashil strategiyalarni joriy etish chora-tadbirlari davlat tomonidan faol qabul qilinayotganiga qaramay, aholining xabardorligini oshirish, energiya tejamkor yechimlarni ishlab chiqish va ulardan foydalanishda aholining ishtirokini oshirish zarur. Oʻz uyini ta’mirlashni rejalashtirgan har bir kishi uyda termal modernizatsiya va energiya samaradorligini oshirish choralarini koʻrishi mumkin. Ushbu tadbirlar uy devorlarini, tomini va polini yuqori sifatli izolyatsiyalash, deraza va eshiklarni almashtirishni oʻz ichiga oladi. Xususiy uy egalari xona haroratini tartibga solish qobiliyatiga ega innovatsion isitish tizimini ham oʻrnatishlari mumkin.

Loyiha doirasida Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inida elektr tarmogʻidan deyarli nolga teng elektr energiya iste’mol qiladigan namunaviy uy qurilishi ham boshlandi. Nolga teng energiya sarfiga issiqlik oʻtkazmaydigan izolyatsion materiallardan foydalangan holda binoning issiqlik izolatsiyasini oshirish orqali erishiladi. Bu uyda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining deyarli barchasi bino tomiga o‘rnatilgan quyosh panellari tomonidan ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida qurilishi 2022-yilda boshlanadigan “Yangi O‘zbekiston” turar-joy massivlari ma’lum bir qismining energiya samaradorligini oshirishga hissa qo‘shish rejalashtirilgan. Ushbu uylarni qurishda har bir hududning iqlimiy xususiyatlarini inobatga olgan holda loyiha yechimlaridan foydalaniladi.

 

Timur Ibragimov, loyiha rahbari.

Quyosh batareyalari bilan jihozlangan to‘rt qavatli ET uy, Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani

 

Germaniyaning Frayburg shahridagi Shliyerberg quyoshli aholi punkti

 

Angliyaning Nottingem shahri chekkasida joylashgan Sneinton qishlog‘idagi uylarni modernizatsiya qilish

Berlindagi yangilangan energiya tejamkor turar-joy binosi