Nukusdagi san’at saroyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov yoshlar bilan uchrashdi.

“Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan tadbir oldidan Orolbo‘yi yoshlarining turli sohalarda qo‘lga kiritgan yutuqlari ko‘rgazmasi hamda videorolik namoyish etildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda barcha e’tibor ikkita asosiy masalaga, ya’ni Yoshlar kuni bayrami hamda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga qaratilmoqda. Eng ahamiyatlisi, aholi, shu jumladan, yoshlarimiz buyuk kelajakni qurish yo‘lida ishonchli qadam tashlamoqda.

Shuning uchun ham yoshlarimiz ushbu jarayonda ishtirok etishni ona Vatanimiz, xalqimiz oldidagi burchi, deb bilmoqda. Bunga to‘la asoslar bor. Chunki davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bo‘lgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligini har bir inson, shu jumladan yoshlarimiz o‘z hayotida his etib turibdi.

Qisqa vaqt mobaynida Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 20 dan ziyod farmon va qaror qabul qilindi. Ushbu maqsadlar uchun 30 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.

Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, ekologik holatni yaxshilash borasidagi ezgu loyihalar, tadbirkorlar uchun berilayotgan imtiyozlar, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar bu hududga qaratilayotgan e’tiborning namunasidir. Eng asosiysi, bunday katta o‘zgarishlarni har bir sohada, shahar va chekka qishloqlar misolida ko‘rish mumkin.

Prezidentimiz yoshlarni o‘zining qo‘l-qanoti, deb biladi. Zotan, yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni ko‘ra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi g‘ayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, ko‘zlagan marralarga albatta yetamiz”.

Alohida iqtidori va mahorati bilan ajralib turadigan bir guruh yoshlar davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti va “Nihol” mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Xalqaro fan olimpiadalarida va sport musobaqalarida yuksak natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Albatta yoshlar konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol ishtirok etadi. Davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lmish yigit-qizlarimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yish – dolzarb masaladir”, degan taklifni ilgari surdi. Bu taklifni yoshlarimiz katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Bunga javoban yoshlar davlatimiz taqdiriga befarq bo‘lmasdan, bugungi yangilanishlar va kelgusidagi rejalarga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanini bildirmoqda.

– Biz, yoshlarga o‘z iqtidorimizni namoyish etishimiz uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, – deydi Toshkent davlat pedagogika universiteti magistranti, “Umid uchquni” ko‘krak nishoni sohibi Zinatdin Nuratdinov. –2018 yilda Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida o‘tkazilgan “Sharq ertagi” nomli XIV xalqaro musiqa san’ati festivalining xalq vokali nominatsiyasida yoshlar o‘rtasida I darajali diplom bilan taqdirlanib, oltin medalni qo‘lga kiritdim va 2 ta kubok sohibi bo‘ldim. 2019 yil Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan I xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida “Baxshi shelendj” tanlovining “Ijtimoiy tarmoqda eng ko‘p ko‘rilgan videolavha” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. 2019 yilda Qirg‘iziston Respublikasi Cholpon-Ota shahrida o‘tkazilgan “Culture of the peoples of the world” xalqaro tanlovida uchinchi o‘rinni, Bishkek shahrida o‘tkazilgan “Echo of autumn” xalqaro tanlovida birinchi o‘rinni egalladim. Bu men kabi izlanayotgan, tinib-tinchimayotgan tengdoshlarimning ham yutug‘idir.

Tadbirda bir guruh yoshlarga “Umid uchquni” ko‘krak nishoni va sovg‘alar topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA