Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashmoqda.

– Avvalo, bugun xalqimiz uchun juda muhim siyosiy islohotlar davrida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan mamnunman. Bugun sizlar bilan atroflicha fikr almashish, mulohazalarni o‘rtoqlashish, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha samimiy muloqot qilish uchun yig‘ilib turibmiz. Konstitutsiyaviy komissiyaning ishi, hech shubhasiz, biz boshlagan keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy zaminini  yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, – dedi Prezident. –Men bu jarayonlarni bevosita kuzatib, bir narsaga juda quvondim. Boshlanayotgan yangi davr o‘zgarishlariga har bir fuqaromiz befarq qaramay, o‘zlari tashabbuskor bo‘lib, ko‘plab takliflar bermoqda va islohotlarimizni faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Davlatimiz rahbari kelib tushgan har bir taklifni e’tiborsiz qoldirmasdan, Asosiy qonunimizni takomillashtirish jarayonida, albatta, inobatga olish zarurligini ta’kidladi.

– Bosh maqsadimiz – har bir yurtdoshimiz ushbu hujjatni Mening Konstitutsiyam deb faxrlanadigan mukammal darajaga olib chiqishdir, – dedi Prezident.

O‘zA