Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

–O‘quv yili deyarli yakunlandi. Oldimizda 404 ming nafar o‘rta ta’lim, 151 ming nafar kasb-hunar ta’lim, 125 ming nafar oliygoh bitiruvchilari, jami 680 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifa turibdi, – dedi Prezident.

Shu maqsadda barcha hokimlar:

– bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashadi;

–ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali uchrashuvlarning aniq vaqti, joyi va telefonlarini e’lon qiladi;

–uchrashuvlarda rektorlar, yirik ish beruvchilar, korxona va klasterlar, mutasaddi idoralar rahbarlari ham ishtirok etadi;

– bitiruvchilarning ishga ehtiyoji, qiziqishi va ko‘nikmalarini o‘rganib, ularning balansini shakllantiradi;

– ish beruvchilarning ehtiyojidan kelib chiqib, monomarkazlarda kasbga tayyorlashni tashkil etadi.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun joylarda doimiy ishlaydigan shtablar tuzilishi, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar va ularning ota-onasi bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishi, kelib tushadigan har bir murojaat tezkor ko‘rib chiqilishi shartligi belgilandi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilar axborot berdi.

O‘zA