Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

–Umuman, texnikumlarga bo‘lgan yondashuvlarni o‘zgartirish kerak. Ular oliygohga kirishning oson yo‘li emas, murakkab kasb beradigan, mehnat bozorida raqobat qiladigan tizim bo‘lishi kerak, – dedi davlat rahbari.

Kelgusi yildan texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinishi belgilandi.

Moliya vazirligiga oliygoh talabalari uchun joriy etilgan imtiyozli ta’lim kreditini yangi o‘quv yilidan texnikum va kollej o‘quvchilari uchun ham joriy etish topshirildi.

Shuningdek, kollej va texnikumlarda o‘qish uchun davlat grantlari va ehtiyojmand oila a’zolari uchun subsidiyalar ko‘paytiriladi.

Oliy ta’lim vazirligiga ikki oy muddatda 207 ta texnikum faoliyatini o‘rganib, samarasiz ishlayotgan 70 ta texnikumni tugatishga topshiriq berildi.

Ularning 25 tasi monomarkazlar tashkil etish uchun Bandlik vazirligiga o‘tkaziladi, qolgan 45 tasi negizida kasb-hunar maktablari tashkil etiladi.

Prezident Shirin shahri energetika kollejidagi tajribaga to‘xtaldi. Kollejda Saudiya Arabistonining “ACWA power” kompaniyasi buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya 2,8 million dollarga zamonaviy ustaxona, laboratoriya va yotoqxona barpo qilgan.

Hozirgi kunda kompaniya buyurtmasi asosida 140 nafar yoshlarni muqobil energiya stansiyasi texnigi, operatori va dispetcheri kabi kasblarga tayyorlash boshlangan.

Viloyat hokimlariga Oliy ta’lim vazirligi va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda shu tajriba asosida har bir tuman, shahar kesimida:

–  yirik ish beruvchilar va xorijiy korxonalar bilan muzokara olib borib, texnikumlarni yirik sanoat korxonalari va klasterlarga biriktirish;

– har bir viloyatda kamida 2 tadan texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish topshirildi.

Ayrim texnikumlarga bir yilda 2 marta qabul tashkil etish amaliyotini boshlash vazifasi qo‘yildi.

Bandlik vazirligiga o‘tayotgan 70 ta muassasa negizida monomarkazlar, shundan 25 tasini joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish shartligi qayd etildi.

O‘zA