O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Norboyeva Jenevaga tashrifi doirasida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) bosh direktori D.Tang bilan uchrashdi.

Uchrashuvda intellektual mulkni himoya qilish hamda O‘zbekistonning BIMT Global innovatsion indeksidagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan, hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

D.Tang O‘zbekistonda intellektual mulk huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini, mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2022-2026-yillarda intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasini puxta o‘rganib chiqqanini va mazkur strategiya sohaga davlat e’tiborining yorqin isboti ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuvda BIMT O‘zbekistonga milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, intellektual mulk himoyasini kuchaytirish, fan yutuqlarini sohalarga joriy etish borasida har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligi bildirildi.

Tomonlar milliy brendlarni yaratish talabi va geografik nomlarni himoya qilish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Muloqot natijasida BIMT tomonidan O‘zbekistonning intellektual mulk sohasidagi qator tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

        O‘zA