O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, ommaviy axborot vositalari xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun keng sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy-tahliliy mushohada va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish va rag‘batlantirish maqsadida “Oltin qalam” XIII milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o‘tkazadi.
3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlangan bu tanlovga 2017-yilning 31-martidan 2018-yilning 31-martigacha – bir yil davomida gazeta va jurnallarda chop etilgan, radio orqali efirga uzatilgan hamda televideniyeda ko‘rsatilgan va Internet nashrlarida berilgan materiallar 2018-yilning 10-apreligacha qabul qilinadi.
Tanlov g‘oliblari uchun quyidagi mukofotlar ta’sis etilgan:
Jurnalistika sohasida bosh milliy mukofot
G‘olib maxsus diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Asosiy mukofotlar:
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (televideniye – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (radio – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (bosma ommaviy axborot vositalari – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (Internet-jurnalistika – 1-, 2-, 3-o‘rinlar).
Birinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 160 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Ikkinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 140 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Uchinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 120 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Rag‘batlantiruvchi mukofotlar uchun nominatsiyalar:
ommaviy axborot vositalarida kitobxonlik madaniyati targ‘ib qilingan eng yaxshi material uchun;
chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun;
eng yaxshi fotoreportaj;
eng yaxshi matbuot xizmati.
Mazkur nominatsiyalar g‘oliblari diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
“Oltin qalam” tanlovi g‘oliblarini mukofotlash, shuningdek, uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi.
Shuningdek, milliy hamkorlar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YuNESKO kabi qator xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari va elchixonalar ham o‘z rag‘batlantiruvchi mukofotlarini ta’sis etgan (ilova qilinadi).
Tanlov shartlari:
Tanlovga tele-, radio-, bosma materiallar hamda Internet nashrlarida e’lon qilingan ishlar taqdim etiladi (5 tadan kam bo‘lmasligi kerak).
Televideniye bo‘yicha videomateriallar (CD, DVD diskda) 3 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.
Radioeshittirishlar (CD, DVD diskda) 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.
Matbuot va Internet materiallari asl nusxada yoki ko‘chirma nusxada taqdim etilishi lozim.
Tanlovga yuborilgan materiallarga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
– muallif haqida ma’lumotnoma (ob’ektivka);
– muallifning turar joyi, uy va ish telefonlari;
– pasport nusxasi.
Tanlov g‘oliblarini tantanali mukofotlash marosimi 2018-yil 3-may – Jahon matbuoti erkinligi kunida tantanali ravishda o‘tkaziladi.
Mukofot bir shaxsga takroran berilmaydi.
Materiallar “Oltin qalam” tanloviga” deb ko‘rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:
100011, Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 30-uy.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, 3-qavat.
Telefonlar: 244-64-61, 244-37-87.
Milliy hamkorlar ta’sis etgan nominatsiyalar
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi:
1. «Mehnat munosabatlari yoritilgan eng yaxshi material uchun».
2. «Ijtimoiy sheriklik mavzusi yoritilgan eng yaxshi material uchun».
O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi:
1. «Innovatsion g‘oyalarni targ‘ib etgan eng faol jurnalist».
2. «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi ijrosini yoritgan eng faol jurnalist».
Xalqaro hamkorlar ta’sis etgan nominatsiyalar
YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi
«Inson huquqlari bo‘yicha Konvensiyaning 70 yilligiga bag‘ishlangan eng yaxshi material uchun» (ta’lim, madaniyat va ommaviy axborot vositalari sohalari bo‘yicha).
Project HOPE (YuSAID dasturi) (AQSh)
1. «Sil kasalligining oldini olish va davolash masalalari yoritilgan eng yaxshi material uchun».
2. «Sil xastaligiga chalingan bemorlarga nisbatan bag‘rikenglik» mavzuidagi eng yaxshi material uchun».
D W International (Germaniya)
«Shaxs va jamiyat rivojida katta yoshdagilarni o‘qitish/boshqa kasbga yo‘naltirishning o‘rni haqidagi eng yaxshi material uchun» (faqat bosma va on-layn OAV jurnalistlari uchun).
“Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkiloti (Sloveniya)
«Korrupsiyaga qarshi kurash yoritilgan eng yaxshi material uchun».
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi
«O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi aloqalar rivoji haqidagi eng yaxshi material uchun».
XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi
1. “Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi samarali hamkorlik yoritilgan eng yaxshi material uchun”.
2. “Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivoji haqidagi eng yaxshi material uchun”.
3. “Bir makon – bir yo‘l” qurilishi yoritilgan eng yaxshi material uchun.
Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi
1. “O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi eng yaxshi material uchun” (poytaxt jurnalistlari uchun).
2. “O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik haqidagi eng yaxshi material uchun” (hududiy jurnalistlar uchun).
3. “O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan eng yaxshi material uchun” (hududiy jurnalistlar uchun).
Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Ozarbayjon madaniyat markazi
1. “O‘zbekiston va Ozarbayjon: Buyuk ipak yo‘lida qadim zamonlardan bugunga qadar”.
2. «O‘zbekiston va Ozarbayjon – ko‘p millatli va bag‘rikeng mamlakatlar» mavzuidagi eng yaxshi material uchun».
Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining filiali (RETsSA)
“Suv-ekologiya mavzuidagi muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan eng yaxshi materiallar uchun” (iqlim o‘zgarishi sharoitida O‘zbekistonning shahar va qishloqlarida suvni tejash borasida amalga oshirilayotgan ishlar). Fotomuxbirlar, bosma va elektron OAV jurnalistlari uchun 3 ta nominatsiya.
Gyote instituti
“O‘zbekistonning madaniyat sohasidagi siyosati masalalariga bag‘ishlangan eng yaxshi material uchun”.
Shu bilan birga Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori va Gruziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi ham o‘z mukofotlari bilan ishtirok etishni rejalashtirmoqda.