Poytaxtimizda Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator faoliyati, uning O‘zbekistonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va integratsiya qilishdagi asosiy maqsad va vazifalariga bag‘ishlangan “Uzinfocom-2018” anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator, xalqaro kompaniyalarning hududiy bo‘linmalari hamda texnik ishlanmalar, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari va ushbu mahsulotlarni integratsiya qilish va mahalliylashtirishga ixtisoslashgan korxona vakillari ishtirok etdi.

2017-yilda mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tarmog‘i o‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchi o‘rin egalladi. Masalan, o‘tgan yili aloqa va axborotlashtirish sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 7,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Mahalliy softver sanoati ham ijobiy ko‘rsatkichlarga erishdi. O‘tgan yili mamlakatimiz dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotning eksport hajmi 49 foizga oshgan.

Ta’kidlash joizki, bank xizmatlariga yangi texnologiyalarni joriy etish samarasida o‘z faoliyatining yangi bosqichini boshdan kechirayotgan elektron tijorat, xususan, ular orasida alohida o‘ringa ega internet-banking sohasida ham jadal o‘sish sur’atlari kuzatildi. Natijada naqd pulsiz, elektron to‘lovlar yordamida xizmat va tovarlarni xarid qilish imkoniyati yuzaga keldi.

Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integratorning vazifa va funksiyalari anjuman ishtirokchilarida, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi. Zero, uning faoliyati mahalliy axborot texnologiyalari bozori tendensiyalariga salmoqli ta’sir ko‘rsatadi.

Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integratorning direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi U.Tagaliyevning ta’kidlashicha, Prezidentimizning 2017-yil 29-avgustdagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Uzinfocom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi negizida Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator tashkil etildi. Yangi organ zimmasiga “Elektron hukumat” tizimidagi axborot tizimlari, resurslari va dasturiy mahsulotlar, iqtisodiyot tarmoqlaridagi axborot texnologiyalarini ishlab chiqish, joriy etish, integratsiya qilish hamda tegishli loyihaviy va texnik hujjatlarni tayyorlash vazifalari yuklatilgan.

Shuningdek, yagona integrator aholi va biznes sohasiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada takomillashtirish bilan shug‘ullanadi, mahalliy korxona va tashkilotlarni “Elektron hukumat” tizimidagi loyihalarni amalga oshirishga izchil joriy etish orqali yurtimiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bozori va softver sanoatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator zimmasiga yuklatilgan dastlabki vazifalardan biri xalqaro standartlarga muvofiq, yuqori texnologiyali xizmatlar va tovarlar ko‘lamini kengaytirish hisobiga mahalliy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bozori va softver sanoatining eksport salohiyatini oshirishdan iborat. Bu nafaqat yuqori texnologiyali mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining paydo bo‘lishi, balki yangi ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi.

Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator huzurida “U-Lab” ilmiy laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. U startaplar uchun texnologik maydoncha va innovatsion ishlanmalarni sinash uchun poligon vazifasini o‘taydi.

 

Roman Bondarchuk, O‘zA