Belarus saytida Samarqand konferensiyasi mavzusi
Belarusning “EU Reporter” yangiliklar saytida “Samarqandda ko‘rishguncha: Bryussel muzokarasi O‘zbekistonda sammit o‘tkazish uchun zamin yaratdi” sarlavhali material chop etildi.
Maqolada Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi siyosat va xavfsizlik masalasi bo‘yicha yuqori darajadagi muloqot doirasida mintaqamizning besh davlati tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari Bryusselda YeI yuqori martabali vakillari bilan uchrashgani haqida so‘z borgan.
– Global xalqaro vaziyat notinch bo‘lib turgan bir paytda YeIning Markaziy Osiyo bilan hamkorligi har qachongidan muhim, – deyiladi, jumladan, axborotda. – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston birgalikda Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarishi strategik ahamiyatga ega.
Muallif Bryusseldagi yig‘ilishdan so‘ng vazir o‘rinbosarlari navbatdagi “Markaziy Osiyo – YeI” vazirlar konferensiyasini 2022 yil oxirida Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni yana bir bor ma’qullaganliklariga alohida e’tibor qaratgan.
Belarus sayti yozishicha, Yevrokomissiya O‘zbekiston bilan yetti yillik hamkorlik dasturiga ega. Shunday ekan, YeK Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, transformatsiya va integratsiya jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA