Prezident raisligida sportni ommalashtirish, sport ta’limini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash bo‘yicha yig‘ilish davom etmoqda.

Prezident yoshlarning sport maktablari bilan qamrovini 1,3 baravarga oshirib, 520 ming nafarga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Bundan tashqari, 69 ta tumandagi sport maktablarida kamida 20 ta, 47 tasida 15 ta, qolgan 91 tasida 10 ta olimpiya sport turlariga tayyorlashni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Yil yakunigacha 508 ta mahallada ko‘p funksiyali sport maydonchalarini qurishga ko‘rsatma berildi.

–Yana bir bor ta’kidlayman, yil yakuniga qadar 6 million nafar yoshlarni ommaviy sport bilan qamrab olish – bu siyosat. Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, ishlarni yaxshi boshladi.

bugungi selektordan ayniqsa tuman-shahar hokimlari va sektor rahbarlari xulosa qilib, ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi kerak. Bu borada so‘rov doimiy va qattiq bo‘ladi, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda sportchilarni professional tayyorlash tizimi ham to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.

–Respublika va Chirchiq shahar olimpiya zaxiralari kollejlaridan boshqa birorta sport kolleji o‘z natijasi bilan maqtana olmaydi. Sababi, yoshlar terma jamoalarining bosh trenerlari aynan shu 2 ta kollejda faoliyat yuritadi va sport federatsiyalari ham faqat ular bilan ishlashga o‘rgangan, – dedi davlat rahbari.

Misol uchun, Samarqand olimpiya kolleji sport gimnastikasi, taekvondo va stol tennisi bo‘yicha so‘nggi 3 yilda musobaqalarda sovrinli natija ko‘rsatmagan. Vaholanki, kollejda ushbu sport turlari bo‘yicha 23 nafar sportchi, 3 nafar trener mavjud.

Shuningdek, hozirda olimpiya zaxiralari kollejlariga 14 yoshdan yuqori o‘smirlar qabul qilinayotgani, oqibatda yoshlarni Olimpiada o‘yinlariga tayyorlash 7-8 yil kech boshlanayotgani qayd etildi.

 

O‘zA