Tanlov
Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida “Ilhom” mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov yoshlar tarbiyasi, ma’naviyatiga e’tibor qaratish masalasi yangilanish jarayonlarida ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 20 may kuni Adiblar xiyobonining ochilish marosimida ishtirok etib, bir qator vazifalarni belgilab bergan edi.
Ana shu topshiriqlardan biri – Adiblar xiyobonida haykallari o‘rnatilgan yozuvchi-shoirlarning hayoti va ijodini o‘rganish, targ‘ibotini jonlantirish maqsadida “Ilhom” mukofotini joriy qilish bo‘yicha takliflardan iborat edi.
Mazkur topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yilning o‘zida Vazirlar Mahkamasining “Ilhom” mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. “Ilhom” mukofoti shoir va yozuvchilar hayoti va ijodini o‘rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o‘tkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlarga berilishi belgilandi.
Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan tanlovning saralash bosqichi oliy ta’lim muassasalari doirasida o‘tkazildi. Saralash bosqichida barcha oliy ta’lim muassasalaridan o‘n mingdan ortiq talaba-yoshlar, murabbiylar ishtirok etdi.
“Ilhom” mukofoti tanlovining respublika bosqichi uchun 53 ta oliy ta’lim muassasasidan 115 ta ijodiy ish qabul qilindi. Shundan 3 ta asosiy va 3 ta rag‘batlantiruvchi mukofot uchun g‘oliblar saralandi.
“Ilhom” mukofoti uchun o‘tkazilgan tanlovda birinchi o‘ringa Jamoat xavfsizligi universiteti kursanti Shuhratjon Muhammadxonov munosib topildi. U Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobili, maxsus diplom va statuetka bilan taqdirlandi.
Jizzax davlat pedagogika instituti uchinchi bosqich talabasi Hafiza Muxtorova “Ilhom” mukofotining ikkinchi o‘rin sohibasi bo‘ldi. Unga 30 million so‘m pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka topshirildi.
Uchinchi o‘rin Qoraqalpoq davlat universiteti doktoranti Zamira Ayimbetovaga nasib etdi. U 15 million so‘m pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka bilan taqdirlandi.
Rag‘batlantiruvchi mukofot sohiblariga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan amalga oshirildi.
Bayram tadbirida hukumat a’zolari, davlat va jamoat arboblari, shoir-yozuvchilar, oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar qatnashdi.
Mazkur tanlov an’anaviy tarzda har yili o‘tkazib boriladi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri