Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablari hamkorligini yo‘lga qo‘yish orqali o‘quvchi yoshlarning bilimlarni chuqur o‘zlashtirishi, maktablarda ta’lim sifatini oshirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonlarini yaxshilash maqsadida OTMga biriktirilgan maktablar bo‘yicha tasdiqlangan jadval asosida filialga biriktirilgan Bo‘zatov tumanidagi umumta’lim maktablari bilan samarali hamkorlikni izchil davom ettirmoqda.

Filial rahbariyati, dekan, kafedra mudirlari Bo‘zatov tumaniga tashrif buyurdi. Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad tumandagi umumta’lim maktablari o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishish, o‘quvchi-yoshlar bilan ochiq muloqot olib borib, ularning fikr va takliflarini o‘rganish, ta’lim sifati, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat.

Tashrif avvalida filial jamoasi tumandagi tegishli mutassaddilar va 1-son umumta’lim maktabi rahbariyati bilan o‘zaro suhbatlashdi. So‘ng bitiruvchi sinf o‘quvchi-yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tumandagi maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Muloqot davomida filial direktori A.Yesimbetov davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan katta e’tibor, tizimni izchil rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va imtiyozlar bo‘yicha gapirib berdi. Shuningdek, filial faoliyati va bo‘lajak mutaxassislarga bilim berish maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar, so‘nggi yillarda mamlakatimiz tomonidan veterinariya va chorvachilik sohasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi borasida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Tashrifning rasmiy qismi yakunlangandan so‘ng 3-son umumta’lim maktabida o‘quvchi qizlar orasida sportning basketbol turidan filial birinchiligi o‘tkazildi. Unda tumandagi maktablarning 9-11 sinf o‘quvchi qizlaridan tashkil topgan jami 10 ta jamoa ishtirok etdi. Qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘lgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni 3-son umumta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 4-son umumta’lim maktabi jamoasi ikkinchi o‘rinni, 1-son umumta’lim maktabi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

O‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Jami 9 ta jamoa ishtirok etgan o‘yin yakunida 6-son umumta’lim maktabi o‘quvchilarining “Argument” jamoasi birinchi, 11-son umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan tarkib topgan “Aspantay” jamoasi ikkinchi, 3-son umumta’lim maktabi o‘quvchilarining “Oligarx” jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, 
O‘zA muxbiri