Hozirgi kunda hujjatlarni  rasmiylashtirish, bank operatsiyalarini amalga oshirish va naqd pul omonatlarini boshqarish bo‘yicha onlayn xizmatlardan keng foydalanilmoqda.

Shu bilan bir qatorda  texnologiyalarning  rivojlanishi ishonuvchan fuqarolarni  ijtimoiy tarmoqlarda aldash ancha oson bo‘lgani bois firibgarlarning ko‘payishiga ham  sabab bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda firibgarlikning bir qancha  turlari mashhur bo‘lgan. Ular  ichidan eng ko‘p tarqalgani – fishingdir. U shaxsning identifikatsiya ma’lumotlarining (masalan, ismi-sharifi, bank kartasining paroli va raqami) o‘g‘irlanishiga asoslangan. Qalloblar fuqarolarning e’tiborsizligidan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar, elektron xat jo‘natmalarini  yaratish orqali shaxsga doir ma’lumotlarni o‘g‘irlab oladi. Jinoyatchilar fuqarolarning ishonchiga sazovor bo‘lish maqsadida o‘zlarini ishonchli manba sifatida ko‘rsatadi.

Qalloblikning ikkinchi mashhur turi – kardingdir. Internet tarmog‘idagi ushbu jinoyat turida firibgarlar foydalanuvchilarning maxfiy ma’lumotlarini o‘g‘irlab, ularning hisoblaridani pullarini yechib oladi. Bank kartalariga kirishning eng keng tarqalgan usuli – internet do‘konlarining serverlari, hisob va to‘lov tizimlarini buzib kirishdir. Xakerlar fuqaro va uning to‘lov kartasi haqidagi  shaxsiy ma’lumotlariga ega bo‘lish uchun  masofaviy kirish dasturlari va zararli dasturlardan foydalanadi.

Jinoyatchilarning yagona maqsadi –  yolg‘on yo‘lar bilan pul va mulkni qo‘lga kiritishdan iborat. Bunda ular ishontirishning turli usullaridan foydalanadi.  Ular orasida psixologlar, moliya, iqtisod va sug‘urta masalalari bo‘yicha mutaxassislar bor.

Internet tarmog‘idagi  firibgarlar koronavirus pandemiyasi paytida onlayn xizmatlar va  foydali takliflarni taklif etgan holda, turli niqoblar ostida o‘z faoliyatlarini yanada takomillashtirdi.

Masalan, qalloblar mashhur internet do‘konning o‘xshash nusxasini yaratishi mumkin. Juda arzon mahsulotlar va foydali  takliflar hech narsadan shubhalanmaydigan xaridorlarni o‘ziga jalb qilish uchun mo‘ljallangan. Foydalanuvchilar xaridni amalga oshirish uchun qidiruv tizimlari orqali havola orqali ro‘yxatdan o‘tib, bank hisoblari haqidagi ma’lumotlarni kiritadi. Natijada, sotuvchi pulni olib, g‘oyib bo‘ladi yoki boshqa mahsulot xarid qilishni taklif etadi. Bunday holatlarda hamisha brauzerda  manzilni aniq tekshirish kerak. U https (xavfsiz ma’lumotlarni uzatish protokoli) so‘zilari bilan boshlangan bo‘lishi kerak. Bu manbaning to‘la xavfsizligini kafolatlamasa-da, himoyalanganligini (shifrli) anglatadi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni  o‘g‘irlashda internet-banking servislarining nusxalari   ham yaratilishi mumkin. Firibgarlar elektron xat yoki sms-xabarlar orqali  foydalanuvchilarni  tizimga kirishga  taklif qiladi. E’tiborsiz va sodda fuqarolar soxta saytga kirib, shaxsiy kabinetda ro‘yxatdan o‘tadi va pullarni olish uchun login va parollarini  osongina berib qo‘yadi. Qalloblar bu ma’lumotlarni qo‘lga kiritishlari bilan  ularning bank hisoblarini  ship-shiydon qilib ketishadi.

Shuningdek, jinoyatchilar  ijtimoiy tarmoqlardagi  akkauntlarni ham buzib kirib, ulardan pochta xabarlarini yuboradi. Firibgarlar sahifa egasiga turli bahonalar to‘qib,  pul o‘kazishni so‘ragan holda, uning qarindoshlari va tanishlariga  xat jo‘natadi.

Firibgarlarning hiylasiga  aldanib qolmaslik uchun  bank kartalari bilan bog‘liq har qanday pulli operatsiyani amalga oshirishda xushyorlikni yo‘qotmaslik va hech qachon hech kimga  shaxsga doir ma’lumotlarni bermaslik kerak.

Asosiy qoidalarga rioya qilgan holda, fuqarolar shaxsiy mablag‘larining xavfsizligini ta’minlashi mumkin. Internetdan  xaridlarni amalga oshirganda,  alohida virtual kartadan foydalanish kifoya qiladi. Uni to‘lovni amalga oshirgan paytda, bir marta to‘ldirgan ma’qul. Pochta yashiklari, ijtimoiy tarmoqlar, turli saytlar uchun murakkab parollar o‘ylab topish va turli ma’lumotlardan foydalangan yaxshiroqdir. Chunki, o‘g‘irlangan pullarni qaytarib olishdan ko‘ra, parolni qayta tiklash osonroqdir.

Elektron pochta, mesendjerlar  yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali keladigan va ayniqsa bepul yoki foydali  shartlarda nimanidir taklif etadigan noma’lum havolalarga kirmang. Hech qachon begona saytlarga plastik karta ma’lumotlaringizni kiritmang.

Har qanday ma’lumot, xabar yoki e’longa tanqidiy qarash ham shu o‘rinda foyda beradi. Do‘stlar va qarindoshlardan to‘satdan  keladigan murojatlarga  ishonmang. Aslida, pul haqidagi xabarlar  ko‘pincha  akkauntni buzib kirgan firibgarlarning so‘rovi bo‘lib chiqadi. Oddiy kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish ham  shaxsga doir ma’lumotlarning chiqib ketishini oldini oladi. Masalan, firibgarlar  sizning qurilmangizdan shaxsga doir ma’lumotlariningizni yuklab ololmasligi uchun doimo VPN dan foydalaning.

Roman BONDARCHUK, O‘zA