Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Nukus shahridagi “Istiqlol” bolalar dam olish markazida “Inson qadri uchun” shiori ostida adliya sayli bo‘lib o‘tdi.

Maqsad, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash, davlat organlarining asosiy vazifalaridan xalqimizni voqif yetish, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, fuqarolarga huquqiy, tibbiy, psixologik maslahatlar berishdan iborat.

Bu yilgi adliya sayili “Salomatlik uchun besh ming qadam” marafoni bilan boshlandi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Adliya vazirligi hamda boshqa davlat organlari xodimlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Sayil ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat taqdim yetish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda viktorinalar, konsert dasturlari, sport musobaqalari, ko‘rgazmalar, yarmarkalar, tibbiy ko‘rik tashkillashtirildi.

Davlat, sud, huquqni muhofaza qilish organlari, bank sohasi xodimlari, advokatlar, notariuslar tomonidan aholining murojaati tinglanib, huquqiy maslahatlar berildi.

Joriy yil mart oyida “Adliya vazirligi ishbilarmon va tadbirkorlarga do‘st” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletov bilan uchrashuvda Nukus shahridagi hokim yordamchilari hududlardagi mahalliy o‘zini-o‘zi band etish maqsadidagi fuqarolarni gaz hisoblagichlar bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘ragan edi. Tadbirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istgidagi 20 nafar fuqaroga vazirlik tomonidan gaz hisoblagichlar topshirildi.

Sayil davomida vazirlikning telegram kanalida joriy yilning 18-aprel kuni “Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi xodimlarining huquqlarini qo‘riqlash” huquqiy aksiyasi doirasida xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Huquqingizni bilasizmi?” sovrinli viktorinasi g‘oliblari munosib taqdirlandi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talaba-yoshlaridan iborat “Street law” guruhi a’zolari tomonidan tashkil etilgan huquqiy viktorinaga 400 nafarga yaqin fuqaro qamrab olindi. G‘oliblarga vazirlikning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirga tashrif buyurgan fuqarolar orasida “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz. Siz ham bizga qo‘shiling” shiori ostida sportning kurash, kamondan o‘q otish, shashka, shaxmat turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA