Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan “Yoshlar ovozi” tanlovi doirasida ijodiy safar bilan Orolbo‘yida bo‘lib turgan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun qoraqalpoq xalqining boy madaniyati va uzoq tarixi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston madaniyati va tarixi davlat muzeyiga press-tur tashkil etildi.

1929 yilda tashkil etilgan ushbu muzeyning etnografiya, tabiat, arxeologiya, hunarmandchilik, yangi tarix va fotografiya kabi fondlarida jami 90 mingga yaqin eksponat mavjud, ular Qoraqalpog‘iston Respublikasining tarixi, madaniyati, an’anasi va hududning flora hamda faunasini o‘zida aks ettiradi.

Yoshlar ishlar agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tashrif davomida bojxona organlari tomonidan madaniy merosimizni himoya qilish va ularning noqonuniy tarzda olib chiqib ketilishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlari natijasida yurtimizda saqlanib qolgan madaniy meros ob’ektlaridan tashkil topgan “bojxona burchagi” ham namoyish etildi.

Yo‘qolib ketish arafasida bo‘lgan va shoxi tibbiyotda noyob sanaluvchi sayg‘oq va jayron hayvonlari shoxlarining “Daut-ota” chegara bojxona posti orqali noqonuniy tarzda olib chiqib ketilishining oldi olinib, ushbu madaniy meros ob’ektlari mazkur muzeyga topshirilgan. E’tiborlisi, sayg‘oq va jayron O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan bo‘lib, ularni ovlash va respublika hududidan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.

Shuningdek, gulli o‘ymakor naqshli qo‘l san’ati mahsuli hisoblangan eshiklar Buxoro va xorazmlik ustalar tomonidan “ubaydiy” uslubida XIX asrda yaratilgan bo‘lib, ularni respublikamiz hududidan olib ketish man etiladi. Ushbu muvaffaqqiyatsiz urinishga ham bojxonachilar o‘z vaqtida chek qo‘ygan.

Press-tur davomida namoyish etilgan qoraqalpoq xalqining boy madaniy merosi, rassomchilik, zargarlik va hunarmandchilik san’at asarlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA