Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida hozirgi murakkab vaziyatda biznes va tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.

–Ochiq aytish kerak, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga shart-sharoitlar yaratish borasida hamma tuman va shaharlardagi ahvolni birdek qoniqarli deb bo‘lmaydi, – dedi Prezident.

Misol uchun, 2022 yil 1-chorakda ayrim hududlarda tadbirkorlik faolligi pasaygan. Respublika bo‘yicha joriy yilda 5,5 mingta korxona o‘z faoliyatini tugatgan.

Bu ko‘rsatkich Namangan, Samarqand va Qashqadaryo, Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida nisbatan yuqori.

Umuman, hududlarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda tadbirkorlar tomonidan 1 mingdan ortiq muammo ko‘tarilgan. Ularning asosiy qismi kredit olish, soliq ma’murchiligi, yer ajratish, elektr, gaz va suvga ulanish bilan bog‘liq.

“Yagona darcha”ga o‘tgan yili elektr, gaz va suv hamda boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha tadbirkorlarning 70 mingdan ortiq, 2022 yil 1-chorakda esa 10 mingga yaqin murojaati o‘z vaqtida hal etilmagani tanqid qilindi.

Davlatimiz rahbari mavzuni davom ettirdi.

Xizmatlar sohasida avval ajratilib, qaytarilgan 360 milliard so‘m resurslardan bugungi kunga qadar atigi 9 milliard so‘mi (yoki 3 foizi) yangi loyihalarga yo‘naltirilgani ta’kidlandi.

Xizmatlarni rivojlantirish uchun banklarga joylashtirilgan resurslar bo‘yicha avvalgi foiz (10 foiz) stavkalarini o‘zgarishsiz qoldirish topshirildi.

Tadbirkorlik jamg‘armasining tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lovlarini kengaytirish uchun jamg‘armaga 400 milliard so‘m, keyinchalik yana 500 milliard so‘m yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, xizmatlar sohasi uchun Milliy bank tomonidan jalb qilingan 200 million dollar hisobidan tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi. Bunda, kredit stavkasi Tadbirkorlik jamg‘armasi kompensatsiyasi bilan 18 foizdan oshmaydi.

1 dekabrga qadar yuqorida qayd etilgan mablag‘lar to‘liq tadbirkorlarga berilishi shartligi belgilandi.

O‘zA