O‘smirlar o‘rtasida Peru poytaxti Lima shahrida poyoniga yetib borayotgan jahon chempionati og‘ir atletika sport turining kelajagi, kelgusi o‘n yillikda ushbu sport turida aynan qaysi davlatlarning sportchilari jahon og‘ir atletikasida yetakchilikka da’vogarlik qilishi mumkinligini ko‘rsatib berayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Aytish lozim, okean ortida o‘tayotgan ushbu jahon chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining o‘z ovozi borligini amalda ko‘rsatmoqda.
Kecha poyoniga yetgan musobaqaning to‘rtinchi kungi bahslarida -89 kilogramm vazn toifasida iste’dodli sportchimiz Bekzod G‘ofurjonov 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 71 kilogramm og‘irlikda “A” guruh bahslarida supachaga ko‘tarilgan Dilnoza Fayzullayeva jahon og‘ir atletikachi qizlari orasida kuchli o‘nlikda o‘rin olishi jahon og‘ir atletikasining ertangi yulduzlari safida turishga o‘zbekistonlik sportchilarning haqli ekanini amalda isbotladi.
O‘tgan kungi jahon chempionati bahslarida terma jamoamiz a’zolari Marjona Abdumutalova 1 ta kumush, 2 ta bronza, Ruslan Rahmatjonov 2 ta oltin, 1 ta kumushga egalik qildi. Bu esa jahon chempionatida umumjamoada yetakchilikka da’vogarlik qilayotgan Hindiston, Argentina, Kolumbiya, Turkiya, AQSH jamoalariga O‘zbekiston og‘ir atletikachilari munosib raqobat ko‘rsatayotganini anglatadi.
Ayni holat mamlakatimizda mahoratli sportchilarni tayyorlashga alohida e’tiborning mahsuli bo‘lganini ta’kidlash lozim.
Bevosita natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ayollar o‘rtasida -71 kilogramm og‘irlikda Dilnoza Fayzullayeva dast ko‘tarishda 85 kilogramm ko‘rsatkichga erishib 5-o‘rinni, siltab ko‘tarishda 103 kilogramm bilan 9-o‘rinni, ikkikurashda 189 kilogramm natija bilan 9-o‘rinni egalladi.
-89 kilogramm vazndagi musobaqalarda vatanimiz sharafini himoya qilgan Bekzod G‘ofurjonov raqiblaridan 2 ta bronza va 1 ta kumush medalni tortib olgan holda Peruda O‘zbekiston nomini ulug‘ladi.
U dast ko‘tarishda 141 kilogramm, siltab ko‘tarishda 183 kilogramm va ikkikurashda 324 kilogramm natija qayd etdi.
Bugun, 26 may kuni jahon chempionatining so‘nggi kunida terma jamoamiz a’zosi Omadillo Olimov -102 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA