Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev Shumanay tumanidagi maktab bitiruvchilari bilan uchrashdi.
Jo‘qorg‘i Kenges raisi bitiruvchilarni ta’lim dargohlarini tamomlab, katta hayotga qadam tashlayotganligi bilan qutladi va oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida omad tiladi.
Bugungi kunda yoshlarimizni har tomonlama bilimli, jismoniy chiniqqan, yetuk insonlar qilib tarbiyalash – davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Ertangi kelajagimiz egasi bo‘lgan yoshlarimiz uchun yetarli sharoit yaratib berilmoqda. Mana shunday imkoniyatlar natijasida ular orasidan bilim darajasi, yuksak tafakkuri va iqtidori bilan ko‘zga tushayotgan yoshlarning soni yil sayin ortib bormoqda.
Uchrashuvda hali maktabni bitirib ulgurmasdan dunyoning ko‘plab nufuzli oliygohlariga kirish baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarga zafarlar tilab, ularning ota-onalariga va ustozlariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri