Yaponiyaning Kobe shahrida o‘tgan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi.

Dunyoning 103 ta mamlakatidan mingdan ortiq para atlet ishtirok etgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 7 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza, jami 13 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Hindiston va Eron kabi yetakchi davlatlarni ortda qoldirgan holda uchinchi o‘rinni egalladi.

Ta’kidlash kerakki, bu O‘zbekiston Paralimpiyasi tarixida birinchi bor sodir bo‘lmoqda.

Taqqoslash uchun, terma jamoamiz bundan avvalgi 2 ta jahon chempionatida 10- va 9-o‘rinlarni egallagan edi.

Bundan tashqari,Nurxon Qurbonova hamda Asila Mirzayorova o‘z yo‘nalishlarida jahon rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.

Jahon chempionatida Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev yadro va disk uloqtirishda, Husniddin Norbekov yadro uloqtirishda, Nurxon Qurbonova nayza uloqtirishda, Asila Mirzayorova uzunlikka sakrashda, Yoqutxon Xolbekova uzunlikka sakrashda va Safiya Burxanova yadro uloqtirishda oltin medalga ega chiqdi.

Boburjon Omonov yadro uloqtirish, Dilafro‘z Ahmadxonova yadro uloqtirish,

Kubaro Hakimova – yadro uloqtirish, Mohigul Hamdamova disk uloqtirish bahslarida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Ma’rufjon Murodulloyev 400 metrga yugurish bo‘yicha, Nurxon Qurbonova yadro uloqtirishda bronza medali bilan taqdirlandi.

Paralimpiyachilarimizning bu g‘alabalari zamirida mamlakatimizda imkoniyati cheklangan insonlarga qaratilayotgan ulkan e’tibor va ularning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlar yotibdi.

Umid qilamizki, bu g‘alabalar “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida ham davom etadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA