Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyihasining texnik ko‘magida “GOPA AFC” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro tashkiloti ekspertlari ishtirokida pestitsidlardan barqaror foydalanish bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakillari, shahar va tuman bo‘limlari davlat fitosanitar inspektorlari hamda shu sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlar ishtirok etdi.
Tadbirda pestitsidlardan foydalanishning inson salomatligi va atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish va zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan boshqaruv hamda kimyoviy bo‘lmagan muqobil usullardan foydalanishni rag‘batlantirish orqali pestitsidlardan samarali foydalanishga asos yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi inspektorlaridan shu soha bo‘yicha o‘z bilim va malakalarini oshirishni hoxlovchilar “GOPA AFC” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro tashkiloti homiyligida Xorvatiyada malaka oshirish imkoniyati borligi aytildi.
– Yevropa ittifoqi davlatlarining O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishi yildan yilga ortib bormoqda, – deydi “GOPA AFC” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro tashkiloti eksperti Tina Fazinij xonim. – Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad yetishtirilayotgan mahsulotlarga imkoni bo‘lganicha pestitsidlarni qo‘llanmaslik, qo‘llangan taqdirda ham zararini kamaytiriщdan iborat. Tadbirda xalqaro mutaxassislar tomonidan bildirilgan takliflar hisobga olinsa, kelajakda sohada ijobiy natijalarga erishib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining ko‘lami yanada ortishiga zamin yaratadi.
Seminarda Yevropa ittifoqida pestitsidlardan barqaror foydalanishning huquqiy asoslari, ulardan professional va havaskor darajada foydalanish, ushbu yo‘nalishda mutaxassislarni majburiy o‘qitish, milliy harakat rejalari, atrof-muhitni muhofaza qilish, zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan boshqaruv hamda organik ishlab chiqarish mavzularida taqdimotlar qilindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari