14-mayda kuchga kirgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda nimalar nazarda tutilgan?

Bu savolga Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov javob berdi:

– Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. Zargarlik sanoatini rivojlantirish, zargarlik buyumlari eksportini oshirishga qaratilgan ishlar shular jumlasidandir.

Zargarlik tarmog‘ini sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish uchun ushbu yo‘nalishda ishlab chiqarish va mahsulotlar savdosi bo‘yicha faoliyatni qo‘llab-quvvatlash zarur.

Shu maqsadda yangi qonun bilan Soliq kodeksiga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi.

Bu me’yorlar mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni xomashyo resurslari bilan ta’minlashga va ularning eksport salohiyatini oshirishga, shuningdek, turizmni rivojlantirishga, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish kengayishiga  xizmat qiladi.

Shu bilan birga, qonunda bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining samarali faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar mustahkamlandi. Oromgohlarda zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha choralar belgilandi.

Qonun bilan Soliq kodeksini kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasi foyda solig‘idan ozod qilinishi to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirildi.

Ushbu qo‘shimcha kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridan yil davomida samarali foydalanish va ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu maskanlarda shart-sharoitlar yaxshilanadi, bolalarni sog‘lomlashtirish va aqliy rivojlantirish bo‘yicha ishlar samaradorligi oshadi. Muhimi, yo‘llanmalar narxlari  barqarorlashadi.

Bundan tashqari, qonun bilan  «Turizm to‘g‘risida»gi qonunga kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylari va dam olish zonalari majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi.

Bularning barchasi bolalarning har tomonlama kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

 

   N.Abduraimova, O‘zA