Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga oid videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

–Vaqt juda kam qoldi, dehqonchilikda bahorning har bir kuni, har bir soati muhim, – dedi davlat rahbari yig‘ilishda va dehqon va fermerlarimizni eng ko‘p qiynaydigan masalalarni sanab o‘tdi:

– hosildor va ishonchli urug‘ va ko‘chat navlarining kamligi,

– peshona teri evaziga yetishtirilgan mahsulot kafolatli xarid qilinmasligi.

Shu sababli, hosildor urug‘ va ko‘chat navlarini joylarga yetkazish va mahsulotni sotib olishga Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan Bog‘dorchilik agentligiga qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratiladi.

Shuningdek, yangi suv omborlari atrofidagi 100 ming gektardan ortiq yerlarga tadbirkorlarni jalb etib, infratuzilma yaratishga yordam berib, mos keladigan ekinlar ekishni tashkil qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat hokimlariga bir oy muddatda:

– o‘z hududidagi suv omborlari atrofidagi yangi yerlarning xaritasini tuzish;

– yerlarni konturlarga ajratib, ularga irrigatsiya tarmog‘ini loyihalash;

– ushbu maydonlarda oziq-ovqat va ozuqa ekinlarini ekishga tayyor investorlarni jalb qilish bo‘yicha loyiha to‘plamlarini tayyorlash topshirildi.

O‘zA