Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Nosir Boymirzayev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda qayd etilishicha, joriy yil davomida 1 million  300 ming nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi. Xususan, ularning 355 ming nafari doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirilgan,  765 ming nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. 61 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka, 13 ming nafari hunarmandchilikka va 36 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan.  74 ming nafar fuqaroga esa  ijara asosida yer maydonlari ajratilgan.

Hokim yordamchilarining tashabbus va tavsiyasi bilan 81 mingta loyihaga 1 trillion 400 milliard so‘m imtiyozli kredit va 5 ming 400 nafardan ortiq ishsiz fuqaroga 31 milliard so‘m miqdorida subsidiyalar ajratilgan. Olib borilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qishga yo‘naltirilgan 35 ming nafar fuqaro o‘qishni tamomlab, sertifikatga ega bo‘ldi. 20 mingdan ortiq mahallabay mikroloyiha shakllantirilib, ulardan 7 ming 200 tasi ishga tushirilishi natijasida 23 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. 27 mingta yuridik va 59 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hokim yordamchilarining bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi xorij tajribasini o‘rganish maqsadida joriy yil boshidan buyon 24 nafar hokim yordamchisi Xitoy Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi tomonidan onlayn kurslarda o‘qitildi, 25 nafar hokim yordamchisi Turkiyaga xizmat safariga yuborildi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA