Tadbirkorlarga subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari reyting darajasidan kelib chiqqan holda taqdim etiladi

Prezidentimizning shu yil 24 maydagi “Tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (qo‘llab-quvvatlash choralari) ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi.
Xususan, qo‘llab-quvvatlash choralari “V” va undan yuqori reyting darajasiga ega tadbirkorlarga amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi: “AAA” toifa – amaldagi miqdorning 100 foizi; “AA” toifa – amaldagi miqdorning 90 foizi; “A” toifa – amaldagi miqdorning 80 foizi; “VVV” toifa – amaldagi miqdorning 70 foizi; “VV” toifa – amaldagi miqdorning 60 foizi; “V” toifa – amaldagi miqdorning 50 foizi.
Qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan, shuningdek, Prezident farmoniga muvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’iy nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.
Tadbirkorlarning reyting darajasi pasaygan taqdirda qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish 3 oy davomida saqlab qolinadi. Yuqorilagan taqdirda qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi.
2025 yil 1 yanvardan “subsidiya.mf.uz” platformasida tadbirkorlarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini o‘z ichiga olgan alohida reyestr yuritiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA