O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining tashkiliy tuzilmasi  tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq:

a)  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori maqomi bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

b)  Agentlik tizimidagi tashkilotlar rahbarlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

v)  Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarga atom energiyasi sohasidagi loyihalar doirasida:

loyihalar konsepsiyalari, parametrlari va shartlarini ishlab chiqishda zarur xizmatlarni, shu jumladan, marketing, muhandislik va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashgan kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga;

xo‘jalik jamiyatlarini tashkil etish (ustav kapitalida ishtirok etish) va mazkur jamiyatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga;

iqtisodiyot tarmoqlaridagi loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Qaror bilan Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligining Atom energetikasini rivojlantirish jamg‘armasi Agentlik huzurida Atom energiyasidan foydalanish sohasini rivojlantirish jamg‘armasi etib qayta tashkil etiladi.

Agentlik direktoriga:

yuklangan topshiriq va vazifalarni amalga oshirish doirasida konsultantlar sifatida davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ilm-fan va ta’lim muassasalari, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi yetakchi xalqaro va chet el kompaniyalari mutaxassislarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish yo‘li bilan jalb etish;

yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni belgilangan tartibda ishga qabul qilish, shuningdek, Agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ularning mehnatiga milliy yoki chet el valyutasida (xorijdagi hisobvaraqlarga o‘tkazgan holda) haq to‘lash huquqi beriladi.

O‘zA