O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Sok universiteti, Tokio san’at universiteti rahbarlari, professor-o‘qituvchilari va talabalari, “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik uyushmasi a’zolari hamda Yaponiya ijtimoiy-siyosiy doiralari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Yaponiya oliy ta’lim muassasalari professorlari mumtoz adabiyotimizning atoqli namoyondasining ijodidan parchalar o‘qidi. Tokiodagi Soka universitetining bosh maydonida o‘rnatilgan Navoiy haykali poyiga gul qo‘yildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ulug‘ shoirning ijodiy merosi o‘zbek xalqining jahon madaniyati va tamadduni xazinasiga ulkan hissasi bo‘lib qo‘shildi. Ishtirokchilar Kunchiqar mamlakatda Alisher Navoiy haykalining o‘rnatilishi Buyuk ipak yo‘li davridan buyon an’anaviy o‘zaro bog‘liq xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy muloqotning yorqin ramzidir.
So‘zga chiqqanlar Yaponiyada buyuk mutafakkirning ijodiga qiziqish nihoyatda katta ekanini qayd etib, uning asarlari yapon tiliga tarjima qilinganini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyatning bebaho boyligi bo‘lgan Navoiy ijodini o‘rganish Soka universitetining o‘quv dasturiga kiritilgan.
Y.Baba Alisher Navoiy haykali poyida shoirning yapon tilida bitilgan, bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan hikmatli so‘zlarni o‘qib berdi:
«Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘ling bir-birigizgakim, erur yorlig‘ ish».