Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

–Har bir viloyatda yirik sement korxonalari va xususiy korxonalar bilan birgalikda yo‘l qurish va ekspluatatsiya klasterlarini tashkil etish orqali ichki yo‘llarning egasini topish bo‘yicha topshiriq bergan edim. Bu borada Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiydagi ishlar ahvoli qolgan hududlarga qaraganda hali sust, – dedi Prezident.

Bu hududlar hokimlariga masalaning ichiga kirib, jiddiy shug‘ullanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, 2022 yilda 2 ming 300 kilometr, shu jumladan, Andijonda 270 kilometr, Farg‘onada 200, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida 190, Navoiy, Namangan va Samarqandda 180, Buxoro, Jizzax va Surxondaryoda 170, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 160, Sirdaryoda 150 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni barpo etish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun 2022 yilda sement ishlab chiqarish hajmi 3,5 million tonnaga ko‘payadi. Ya’ni, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar to‘liq qoplanishi ta’kidlandi.

Bosh prokuraturaga yangi qurilayotgan sement-beton qoplamali yo‘llar sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Shu bilan birga, Buxoro, Sirdaryo, Xorazm viloyatlarida sement korxonalari mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” ushbu viloyatlarda yo‘l qurish uchun temir yo‘l orqali sement va shag‘al tashishga 50 foiz chegirma beradigan bo‘ldi.

Yig‘ilishda yo‘l klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 maydan boshlab yil yakuniga qadar import qilinayotgan sement-beton qoplamali yo‘l qurish texnikalari bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishi belgilandi.

Mazkur ishlarga qo‘shimcha 500 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 80 million, kelgusi yilda bu ishlarni kengaytirish uchun 200 million dollar mablag‘ jalb qilish choralari ko‘riladi.

O‘zA