Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha yil boshida belgilangan topshiriqlar ijrosi, yil yakuniga qadar ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish davom etmoqda.

Ta’kidlanganidek, hamma viloyatlarda Prezident maktablari ochildi, ularda zamonaviy ilg‘or metodikalar asosida ta’lim berilmoqda. Xususiy maktablarda ham bunday ilg‘or metodikalar joriy qilinayapti.

–Savol tug‘iladi, qaysi hokim o‘z maktablarida ushbu ilg‘or metodikalarni joriy qilish bo‘yicha ishlayapti? Afsuski, hozircha bunday tashabbuslar yo‘q,– dedi Prezident. Shuningdek, respublika bo‘yicha ayni paytda 120 ta maktab yuqori koeffitsiyentda ishlamoqda.

Bundan tashqari, ko‘plab maktab filiallarining ahvoli mutlaqo bugungi kun talabiga javob bermaydi.

Maktablarni kompyuter bilan ta’minlash bo‘yicha mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ishlar sust ketayotgani tanqid qilindi.

Olis va chekka hududlardagi hamda “og‘ir” sharoitdagi maktablarda ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liq ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Eng avvalo, maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanadi.

Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitiladi. Buning uchun:

– 1 iyunga qadar har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy ta’lim markazlari tashkil etiladi;

– ushbu markazlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya, IT kabi aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi;

– xorijiy mutaxassislar yordamida oliygoh, milliy ta’lim markazlari va mobil guruhlarning muallimlaridan iborat har bir viloyat kesimida “trenerlar guruhlari” shakllantiriladi;

– mazkur trenerlar esa joylarda maktab o‘qituvchilarining bevosita malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar to‘lanadi.

Umuman, yuqoridagi yangi tizimlarni joriy qilish uchun 100 million dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.

O‘zA