“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.

Qayd etilganidek, oxirgi yillarda tibbiyot sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin oshirildi. Jumladan, 2022 yilning o‘zida sohaga byudjetdan 24 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.  O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi. Shu davrda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag‘lar jalb qilindi.

–Bularning hisobidan tizimda nima o‘zgardi? Eng avvalo, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini, mutlaqo yangi yondashuvlar asosida, tubdan o‘zgartirishga kirishdik. Bu borada o‘tgan yildan boshlab, har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi. 2021 yildan birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi, – dedi Prezident. – Hozirgi vaqtda shamollash, qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, oshqozon va nafas yo‘llari kasalliklarini davolash uchun eng zarur dorilarni odamlarimiz ortiqcha sarson bo‘lmasdan, oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalardan olishmoqda.

Bundan tashqari, aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari qo‘shildi. Shuningdek, qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy “UZI” va “EKG” apparatlari bilan ta’minlandi.
Shu orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha xavf guruhiga kirgan 12 million aholini maqsadli skriningdan o‘tkazish boshlandi.

O‘zA