Prezidentimizning joriy yil 10 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi.

Shuningdek, xotin-qizlarga ta’lim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan, sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratiladi.

Mazkur hujjatga asosan 2022 yil 1 sentyabrga qadar davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari 2022 yil 1 oktyabrga qadar to‘lab beriladi.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha – 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratiladi.

O‘zA