Valentina MATVIYENKO: Oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish imkoniyatlari keng

Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvdan soʻng ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi:
– Oʻzbekiston rahbari bilan suhbatimiz gʻoyat sermazmun boʻldi. Biz Oʻzbekiston – Rossiya hamkorligining deyarli barcha yoʻnalishlarini muhokama qildik, bir qator dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashdik.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻzlab berdi. Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar ham ayni yangilanish jarayoniga hamohang ekani aniq. Toʻgʻrisini aytsam, keyingi uch yilda Oʻzbekistonda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, turli sohalarda erishilayotgan yuqori natijalar menda yorqin taassurot qoldirmoqda.
Bugungi Oʻzbekiston mutlaqo boshqacha, ochiq mamlakat. Prezident Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan ustuvor yoʻnalishlar juda aniq, toʻgʻri tanlangan. Oʻzbekiston ushbu yoʻnalishlardan ogʻishmay borayotgani tufayli iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda yuksak marralarga erishmoqda. Prezidentga hamma quloq solyapti, shu bilan birga davlat rahbari ham xalqni tinglayapti, muammolarga darhol eʼtibor qaratyapti.
Biz Rossiya biznes vakillarida Oʻzbekistonga bu darajada qiziqish paydo boʻlishini kutmagandik. Oʻzbekiston tomonidan ham xuddi shunday qiziqish kuzatilmoqda. Investorlarni, kichik va oʻrta biznes vakillarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ochiq, shaffof qonun-qoidalar yuzaga keldi.
Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, Oʻzbekiston – Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirish imkoniyatlari keng. Buni Prezident va parlament aʼzolari bilan uchrashuvlarimiz ham tasdiqlaydi. Oʻzbekistonning iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mahsulot aylanmasini bir necha barobar oshirishga qiziqishi kuchli. Mahsulot ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Ikki mamlakatning turli darajadagi muzokaralari bunga hozirdan puxta zamin yaratmoqda.

 

OʻzA