ShHTga a’zo davlatlar tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun mas’ul vazirlarining o‘n sakkizinchi majlisi to‘g‘risida

Toshkentda 26 sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun mas’ul vazirlarining o‘n sakkizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Sherali Jonon, Ishbilarmonlar kengashi vakili, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov mamlakatimizda ushbu tashkilotga barqaror rivojlanish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilish va hal etish, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurash, Markaziy Osiyo va dunyoda xavfsizlik, barqarorlikni ta’minlashda nufuzli va kuchli ta’sir maydoniga ega tuzilma sifatida qaralishini ta’kidladi.
Konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir masalalar ko‘rib chiqildi. ShHT doirasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikning joriy holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
ShHT kotibiyatining tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturining bajarilishi to‘g‘risidagi hisoboti loyihasi ko‘rib chiqildi. Mazkur loyihani Toshkent shahrida joriy yil noyabr oyida o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi chog‘ida tasdiqlash uchun tavsiya qilindi.
Maxsus ishchi guruhlarga ShHTning iqtisodiy masalalarga doir dasturiy va rejalashtirish hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha ishlarni faollashtirish topshirildi. ShHT Ishbilarmonlar kengashi vakilining 2018-2019 yillarda tuzilma faoliyati va 2020 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari to‘g‘risidagi ma’lumoti tinglandi.
Shuningdek, Toshkentda o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha axborot taqdim etildi. Savdo, investitsiya, transport, logistika, turizm, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, fazoviy taraqqiyot, fan, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Majlisda ShHTga a’zo davlatlarning raqamli texnologiyalar davrida olis va qishloq hududlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi loyihasi ma’qullandi. Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmi bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda taqdim etishga kelishib olindi.
Delegatsiya rahbarlari ShHT Iqtisodiy tahlillar markazi konsorsiumi reglamenti loyihasini ma’qulladi, tadbir yakuni bo‘yicha protokol imzolandi.

 

G‘.XONNAZAROV, O‘zA