1-sentabrdan boshlab Belarus – Oʻzbekiston amaliy-texnik malakaviy institutiga talabalar qabul qilinadi

Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyat boʻyicha prorektorlaridan iborat delegatsiya hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Belarus Respublikasining yetakchi texnika universitetida boʻlishdi. 
Mehmonlar Belarus Milliy texnika universiteti qoshidagi ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, innovatsion plazmali va lazer texnologiyalari, shuningdek, “Politexnik” ilmiy-texnologik parki bilan yaqindan tanishishdi.
Belarus Milliy texnika universiteti bazasida shakllantiriladigan oʻquv muassasasida oʻzbekistonlik talaba yoshlar malaka oshirish barobarida tahsilni davom ettirish imkoniga ega boʻlishadi. Bunda muhandis kadrlarni tayyorlash “2+2“ shaklida amalga oshiriladi.
“Yoshlar ikki yil mobaynida oʻz yurtlarida oʻqib, umumtaʼlim predmetlarini oʻzlashtiradi. Shundan soʻng ixtisoslik boʻyicha tahsilni bizning universitetda davom ettirishadi va diplom olishadi. Oliy taʼlimdan keyingi bosqichlar ham qamrab olinadi”, deya qayd etgan Belarus Milliy texnika universiteti prorektori Aleksandr Malyarevich.
Shuningdek, joriy yil 1-sentyabrdan boshlab Belarus – Oʻzbekiston sohalararo amaliy-texnik malakaviy institutiga yagona dastur asosida talabalar qabul qilinadi.
Belarus olimi Igor Gancherenokning bildirishicha, Oʻzbekiston bilan hamkorlikda nafaqat avtomobilsozlik, traktorsozlik, konchilik, quyuv-ishlab chiqarish yoʻnalishlari, balki raqamli iqtisodiyot, robotlashtirish va boshqa qator istiqbolli sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan, deya xabar beradi “BelTA“ axborot agentligi.

 

OʻzA