Issiqda goʻsht sifati qanday kafolatlanadi?

Yozning issiq kunlarida tanovul qilayotgan har bir taomingizdan shubhalanishga asos bor. Chunki, bunday kunlarda mahsulotlarning buzilib, isteʼmolga yaroqsiz boʻlib qolishi juda oson. Ana shunday vaqtda nisbatan qimmat mahsulot- goʻsht va goʻsht mahsulotlari qay tarzda aholiga yetkazib berilmoqda. Soʻyilayotgan chorva mollari goʻshtining sifati va xavfsizligi inson salomatligi uchun muhimligini hisobga oladigan boʻlsak, bu tizimiga alohida eʼtibor qaratish talab etiladi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qoʻmitasidan maʼlum qilishlaricha, poytaxtimizdagi dehqon bozorlari uchun sotuvga chiqarilayotgan goʻsht va goʻsht mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda shahar atrofida joylashgan toʻrtta zamonaviy avtomatlashtirilgan va ixtisoslashgan soʻyish korxonalarining alohida oʻrni bor. Chorva hayvonlarini shu korxonalarda soʻyish tizimi joriy etilgan.
Hozirga kelib, poytaxt hududidagi veterinariya, veterinariya-sanitariya talablariga javob bermaydigan, lekin hayvon soʻyish uchun oʻzboshimchalik bilan moslashtirib olingan soʻyish joylari faoliyati toʻxtatilgan. Ular ustidan IIV Karantin tadbirlarini tashkil etish boʻlimi va Davlat veterinariya xizmati xodimlari doimiy nazorat oʻrnatgan. Shunga qaramay, hayvonlarni soʻyish va sotish bilan shugʻullanuvchilarda veterinariya-sanitariya qoida va meʼyorlariga amal qilmaslik holatlari uchrab turibdi. Natijada esa xavfsizligi va sifati kafolatlanmagan goʻsht va goʻsht mahsulotlarining noqonuniy savdosi ham kuzatilmoqda.
Ayni shu jihatlarni bartaraf etish uchun sotish va saqlash boʻyicha tegishli normalar tasdiqlangan. Unga koʻra, veterinariya vrachining xulosasi boʻlmagan taqdirda, botulizm, quturish, parranda grippi va shu kabi kasalliklar aniqlangan hayvonlarni soʻyish taqiqlanadi. Shuningdek, oʻlim talvasasidagi hayvonlarni ham soʻyish mumkin emas.
Zamonaviy soʻyish korxonalarida veterinariya xizmati maxsus elektron dastur joriy etmoqda. U orqali isteʼmolchilar xarid qilayotgan goʻshtning aynan qayerda, qanday sharoitda soʻyilganligi va hayvon qaysi kasalliklarga qarshi emlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Zamonaviy soʻyish korxonalariga keltirilgan chorva hayvonlarining barchasidan avval qon namunalari olinib, laboratoriya tekshiruvlari oʻtkazilgach soʻngra soʻyishga ruxsat etiladi. Soʻyilgan chorva hayvonlarining goʻshtlarini mutaxassislar dastlabki koʻrikdan oʻtkazilib, isteʼmol uchun xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan holda savdo rastalariga yoʻnaltiriladi. Asosiysi soʻyish korxonalariga kelgan mijozlarga tez va sifatli xizmat koʻrsatilmoqda.
Shuningdek, dehqon bozorlarda goʻsht va goʻsht mahsulotlarini tashishga moʻljallangan transport vositalari inson salomatligiga taʼsir qilmaydigan materiallardan tayyorlangan boʻlishi, tozalash va dezinfeksiya qilishga qulayligi ham nazorat qilib borilmoqda.

 

Sayyora SHOYEVA, OʻzA