O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasi ob’ektlarini barpo etishda buyurtmachi xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 dekabrdagi PQ-404-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi  doirasida Kompaniya maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajaradi.Kompaniyaga Dastur doirasida tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida ob’ektlar uchun

markazlashgan holda asosiy qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni (qurilish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan mebel jihozlari va asbob-uskunalar bundan mustasno) xarid qilish huquqi beriladi.

Qaror bilan Maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi tarkibi tasdiqlandi.

Quyidagilar Respublika shtabining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • tashkil etilayotgan Kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, moliyalashtirish va saqlash, shu jumladan Kompaniya zimmasiga yuklangan funksiyalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • ob’ektlar qurilishiga ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish hamda ortiqcha xarajatlarni qisqartirish orqali mablag‘larni iqtisod qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
  • Kompaniya tomonidan ob’ektlar uchun markazlashgan holda qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni xarid qilish hamda o‘z vaqtida yetkazib berishda yuzaga keladigan muammoli masalalarni tezkor hal etib borish;
  • ob’ektlarda loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bajarish hajmi va muddatlari bo‘yicha doimiy ravishda Kompaniya va mas’ullarning hisobotini eshitib borish;
  • Dastur doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar hisobiga yangi va qo‘shimcha ob’ektlarni ko‘rib, foydalanishga topshirish bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlash va ijrosini nazorat qilish;
  • ob’ektlardagi qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarining holatini har oyda muhokama qilib borish.

Kompaniya ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun:

  • xaridlarni amalga oshirish doirasida mahsulotlar va xizmatlarni topish va baholash, ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar olib borish hamda mahsulotlar sifatini pasaytirmagan holda tejamkor bitimlar tuzilishini ta’minlaydi;
  • xarid qilingan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni ob’ektlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beradi hamda pudratchilarga topshiradi.

                                                                                                                O‘zA