Eksportga koʻmaklashish va uni ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

 

Joriy yil mobaynida mamlakatimizning tashqi iqtisodiy sohasida tashqi savdo hajmi va eksportni tizimli ravishda jadal oshirishga qaratilgan tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshirildi, xususan, valyuta siyosati liberallashtirildi, maʼmuriy toʻsiqlar bartaraf etildi, eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari uchun narxlarni shakllantirish va toʻlovning bozor mexanizmi joriy qilindi.

Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni, shu jumladan, komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida eksport ulushi 15 foizdan yuqori boʻlgan yuridik shaxslarga yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi va yagona soliq toʻlovi boʻyicha soliq solinadigan bazani kamaytirish imkoniyati berildi.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligi ustidan muntazam ravishda olib borilayotgan monitoring tashqi savdo va eksportning umumiy ijobiy dinamikasiga qaramasdan ular hajmlarining real oʻsish surʼatlari iqtisodiyotni modernizatsiya qilish surʼatlariga muvofiq emasligini koʻrsatmoqda.

Birinchi navbatda raqobatbardosh afzalliklarga ega boʻlgan tarmoqlarda bir qator tizimli muammolar va kamchiliklarning saqlanib qolayotganligi eksport hajmlarining salmoqli oʻsishini taʼminlashga toʻsqinlik qilmoqda. Jumladan:

birinchidan, ishlab chiqarish quvvatlaridan va keng turdagi xom ashyo, shuningdek, mehnat resurslari mavjud boʻlgan hamda tashqi bozorlarda raqobatbardosh boʻlgan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarishni taʼminlovchi afzalliklardan toʻliq hajmda foydalanilmayapti;

ikkinchidan, eksport qiluvchi korxonalar faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalari rivojlanmayapti, eksportoldi va eksportni moliyalashtirish mexanizmlari mavjud emas;

uchinchidan, chuqur marketing tadqiqotlarini oʻtkazish, uzoq muddatli barqaror tashqi bozorlarni shakllantirish va xorijda tashqi savdo infratuzilmasini yaratishga yetarli darajada eʼtibor qaratilmayapti;

toʻrtinchidan, har xil xizmat turlari eksportini tashkil qilish va ilgari surish boʻyicha tizimli ishlar mavjud emas, ularni koʻrsatish uchun zarur infratuzilma rivojlanmagan.

Tovarlar va xizmatlar eksporti hajmini tubdan oshirish, eksportbop mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, tashqi savdo muvozanatini taʼminlash va valyuta tushumlarini koʻpaytirish maqsadida:

1. Tadbirkorlik subyektlariga quyidagilarda har tomonlama koʻmaklashish Vazirlar Mahkamasining komplekslari, Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

yuqori qoʻshilgan qiymatga ega eksportbop raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, xizmatlar (turistik, tibbiy, taʼlim, transport, qurilish va boshqalar) eksporti hajmini keskin oshirish hamda ularni koʻrsatish uchun tegishli infratuzilmani jadal barpo etish;

oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishda hamkorlarni izlash hamda tashkilotlar va korxonalar bilan shartnomalar tuzish.

2. Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Markaziy bankning Eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimini tashkil etish va uning asosiy vazifalari etib quyidagilarni belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:

a) eksport faoliyatiga axborot-tahliliy koʻmaklashish boʻyicha:

eksportni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini takomillashtirish, eksport salohiyatini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirishda koʻmaklashish;

marketing, narx shakllanishi, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq hamda bojxona maʼmuriyatchiligi (shu jumladan, xorijdagi) masalalari, “yagona darcha” tamoyili asosida tashqi bozorlarga kirish sharoitlari boʻyicha eksport qiluvchilarga va ularning chet eldagi hamkorlariga axborot va maslahat koʻmagini koʻrsatish;

xorijiy xaridorni izlashga va eksport shartnomasini tuzishga qadar muzokaralar jarayoniga, shu jumladan, ularning loyihalarini tayyorlashga koʻmaklashish;

respublika vazirliklari va idoralari, viloyatlar hamda tuman hokimliklari bilan milliy mahsulotlarni chet elga eksport qilish, eksport qiluvchilarni eksportni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar, mavjud imtiyozlar va preferensiyalar, vakolatli davlat organlarining vazifalari va funksiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlashda tizimli hamkorlikni taʼminlash;

hududlarda axborot-maslahat markazlari tarmogʻini tashkil etish;

mahalliy eksport qiluvchilar, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlar bazasini taʼminlash orqali elektron tashqi savdo maydonchalarini yuritish, ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan shugʻullanadigan tadbirkorlik subyektlariga yetakchi xalqaro elektron tijorat maydonchalariga kirish uchun yordam koʻrsatish;

ishonchli sifatli mahsulot yetkazib beruvchi sifatida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning halolligini isbotlash uchun, shu jumladan, har yili “Made in Uzbekistan” milliy koʻrgazmasini, tarmoq va mintaqaviy tovarlar koʻrgazmalari va savdo yarmarkalarini oʻtkazish, xalqaro koʻrgazmalar va taqdimotlarda ishtirok etish yoʻli orqali oʻzbek brendlari va mahsulotlarini xorijda ilgari surish boʻyicha “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirish;

eksport qilishni boshlayotganlar uchun oʻquv seminarlari va treninglar, tadbirkorlar uchun xorijiy mamlakatlarga tashqi savdo masalalari boʻyicha savdo missiyalari tashkil etish va oʻtkazish;

b) eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash qismida:

eksport qiluvchi korxonalarni moliyaviy resurslar bilan taʼminlash, noxomashyo eksport hajmi, milliy eksport qiluvchilar va ularning mahsulotlarini sotib oladigan mamlakatlar sonini oshirishga koʻmaklashish;

koʻrgazma stendlarini tashkil etish va respublika korxonalarining xalqaro savdo yarmarkalari, taqdimotlari va reklama kampaniyalarida ishtirok etishi, shu jumladan, anʼanaviy milliy mahsulotlar va brendlarni potensial bozorlarda ilgari surishni moliyalashtirish;

milliy mahsulotlarni xorijiy vakolatli organlar tomonidan rasmiylashtirilishi orqali standartlashtirish va sertifikatlashtirishning ham respublikadagi, ham xorijdagi xalqaro tizimlarini joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida eksport qiluvchi korxonalarga maqsadli moliyaviy yordam koʻrsatish;

moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va milliy eksportni sugʻurtalashning zamonaviy mexanizmlarini muvaffaqiyatli qoʻllagan xorijiy mamlakatlar tajribasini inobatga olib, shu jumladan, xalqaro moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda eksportoldi va eksportni moliyalashtirish, eksport kreditlari va tavakkalchiligini sugʻurtalash mexanizmlarini joriy etish;

savdoni moliyalashtirish uchun xalqaro va xorijiy moliya institutlarining qarzlari va imtiyozli kreditlarini jalb qilish;

boshqa kompleks moliyaviy va konsalting xizmatlarini koʻrsatish.

3. Belgilansinki, Eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

4. Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligini tashkil etish;

“Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasiga eksport kreditlari va operatsiyalarini sugʻurtalash vazifasini yuklash va uni Tashqi savdo vazirligiga oʻtkazish;

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vazirini “Oʻzagroeksportbank” aksiyadorlik tijorat bankiKuzatuv kengashining raisi etib saylash;

Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari qoshida savdo vakolatxonalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yildan boshlab
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda 15 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga ajratishni koʻzda tutsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Markaziy bank bilan birgalikda:

bir oy muddatda Eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimining faoliyatini tashkil etish boʻyicha uning samarali faoliyat koʻrsatishi doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish manbalarini, shuningdek, eksportchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va eksport jarayonida xatarlarni sugʻurtalash mexanizmlari, eksportchilarni kamsituvchi choralar, tarif va notarif toʻsiqlardan himoya qilishni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga;

bir hafta muddatda “Oʻzagroeksportbank” aksiyadorlik tijorat bankining ustav kapitalini minimal talab etilgan darajaga koʻtarish boʻyicha takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 20 dekabr