O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6260-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, mamlakatimizda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish, yangi avlod chavandozlarini tayyorlash va tarbiyalash, yoshlar o‘rtasida ot sportini faol targ‘ib qilish
va ommalashtirish maqsadida:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ot sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari (Chavandozlar maktablari) va ularning tuman (shahar) seksiyalari tashkil qilinsin.

2. Belgilansinki:

Chavandozlar maktablari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5024-son qaroriga muvofiq ot sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari negizida tashkil qilinadi;

Chavandozlar maktablari Milliy gvardiya tizimiga kiradi hamda o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentyabrdagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiradigan maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi;

Chavandozlar maktablarining faoliyati ot sporti (uchkurash, to‘siqlardan sakrash va ot yo‘rttirish), zamonaviy beshkurash, polo hamda uloq-ko‘pkariga ixtisoslashtiriladi;

Chavandozlar maktablariga ilmiy-metodik va tashkiliy ko‘maklashish (o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar, kitoblar va boshqa ilmiy-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash, o‘quv darslari va hajmlarini belgilash, maktablar uchun zotli otlarni tanlash) Turizm va sport vazirligi hamda tegishincha O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi va O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi;

Chavandozlar maktablari o‘z faoliyatini 2022 yil 1 martdan boshlaydi, shuningdek, davlat buyurtmasiga asosan ular tomonidan razryadli va unvonli sportchilar tayyorlash tizimi joriy etiladi;

Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalari mazkur qarorning 8-bandida ko‘rsatilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilinadi. Bunda, bitta tuman (shahar)da bir nechta seksiyalarni tashkil qilishga ruxsat beriladi;

Chavandozlar maktablari faoliyatini (ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal xizmatlar, sport otlariga ozuqa
va dori-darmonlar sotib olish hamda boshqa xarajatlar) moliyalashtirish manbalari etib respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari, shuningdek, o‘z faoliyati ixtisosligi bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.

Milliy gvardiya (R.Djurayev) ikki hafta muddatda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda yangidan tashkil qilinayotgan Chavandozlar maktablarining aniq joylashgan joyini belgilasin;

Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi hamda O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi bilan birgalikda Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalari faoliyatiga oid minimal talablar va jihozlash me’yorlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga yetkazsin.

3. Quyidagilar Chavandozlar maktablarining asosiy vazifalari
va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

o‘smirlar va yoshlarni ot sporti, zamonaviy beshkurash, polo va uloq-ko‘pkari bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya), sport zaxirasi va yuqori mahoratli sportchilar tayyorlash bo‘yicha o‘quv-mashq jarayonini tashkil etish, shuningdek, ushbu sport turlari bo‘yicha sport tayyorgarligi mutaxassislari o‘rtasida kasbiy tajribani almashish;

xalqaro sport maydonida mamlakat sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoalari uchun o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishning eng yangi usullarini qo‘llagan holda sport zaxirasi va yuqori mahoratli sportchilar tayyorlash;

tajriba almashish, sport musobaqalarini tashkil etish, ilmiy-metodik ta’minlash masalalari bo‘yicha Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi
va O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish;

yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish yo‘li bilan qorabayir va boshqa nasldor zotli otlar bosh sonini ko‘paytirish.

4. Chavandozlar maktablarining namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki:

Chavandozlar maktablariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi;

oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar jismoniy tarbiya ma’lumotiga ega bo‘lmagan, jismoniy tarbiya va sport mutaxassisliklari bo‘yicha kollejlarda yoki oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan shaxslarga trener-yo‘riqchi sifatida trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga berilgan ruxsatnoma asosida Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalarida trener yoki trener-o‘qituvchi lavozimlarida ishlashga ruxsat beriladi;

2022 yil 1 yanvardan boshlab Chavandozlar maktablarining usta-chavandozi, ot parvarishlovchisi, taqachisi, otxona boshlig‘i (brigadir), zootexnigi, veterinar-shifokori, feldsher-veterinarlari mehnatini rag‘batlantirishga Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 211-son qarorida belgilangan sharoitlar tatbiq etiladi. Bunda, usta-chavandoz, ot parvarishlovchi, taqachi, otxona boshlig‘i (brigadir) – trenerga, veterinar-shifokor – shifokorga, feldsher-veterinar, zootexnik – hamshiraga tenglashtiriladi;

2022 yil 1 martdan boshlab Chavandozlar maktablari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab rahbariyat, yo‘riqchi-uslubchilar, trenerlar va boshqa xodimlar mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan har yili bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Bunda, reyting ko‘rsatkichlarini shakllantirishda Chavandozlar maktablari faoliyatiga davlat buyurtmasiga asosan tayyorlangan razryadli va unvonli sportchilar, respublika va xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarolimpiya zaxiralari kollejlari hamda ot sporti bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga qabul qilingan o‘quvchilar soni ham inobatga olinadi.

6. Chavandozlar maktablari tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Ippoterapiya markazlari tashkil qilinsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov):

Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda nevrologik, ruhiy va boshqa kasalliklarni davolash, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni (shu jumladan, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan bolalarni) ippoterapiya uslubi yordamida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni qabul qilsin;

Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda Ippoterapiya markazlari tomonidan aholiga xizmat ko‘rsatish tartibini tasdiqlasin. Bunda, Ippoterapiya markazlarida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga bepul xizmat ko‘rsatish nazarda tutilsin.

7. Andijon, Buxoro, Namangan, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida Chavandozlar maktablarini rekonstruksiya qilish, qayta ta’mirlash va jihozlash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida Chavandozlar maktablarini barpo etish va jihozlash bo‘yicha:

buyurtmachi etib – Milliy gvardiya;

bosh loyihachi etib – “ToshuyjoyLITI” AJ belgilansin;

bosh pudratchi tashkilot belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolari orqali aniqlansin.

Belgilansinki, Chavandozlar maktablari, shu jumladan, quyidagilardan iborat bo‘ladi:

o‘quv mashg‘ulotlari va musobaqalarni o‘tkazish uchun ochiq va yopiq turdagi manej (shu jumladan, jangovar manej), otxona, ozuqa bazasini shakllantirish uchun yer maydoni, suv saqlanadigan bochka, omborxona, beda saqlanadigan joy, otlarni qadamlash uchun joy (shagalka);

tomoshabinlar uchun tribuna, trenerlar, tibbiyot xodimlari, kiyim almashtirish xonalari, trenajyor zali, sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasini saqlash uchun xona.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari:

Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda uch hafta muddatda mazkur band talablaridan kelib chiqib Chavandozlar maktablarini tashkil qilish uchun belgilangan tartibda yer maydonlarini ajratsin;

hududlardagi ippodromlarni Chavandozlar maktablariga musobaqa va turnirlarni tashkil qilish, shuningdek, ularda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun biriktirish va zarur sharoitlar yaratish choralarini ko‘rsin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J.Kuchkarov) Milliy gvardiya (R.Djurayev), Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) bilan birgalikda 2022 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Chavandozlar maktablarini rekonstruksiya qilish, qayta ta’mirlash va barpo etish uchun markazlashgan kapital qo‘yilmalar limitlari ajratilishini ta’minlasin. Bunda, Chavandozlar maktablari 2022 yil 1 martga qadar to‘liq foydalanishga topshirilishi inobatga olinsin.

Qurilish vazirligi (B.Zakirov) Chavandozlar maktablarini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, qimmat bo‘lmagan, energiya tejovchi va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki, Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalarini tashkil qilish quyidagi shartlar va mexanizmlarni o‘z ichiga olgan holda amalga oshiriladi:

xususiy sherikka (investorga) mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilangan tartibda bepul foydalanish uchun tegishli bino va inshootlar taqdim etiladi;

xususiy sherikka (investorga) qonunchilikda belgilangan tartibda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari mulk huquqi
yoki uzoq muddatli ijara asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi. Bunda, seksiyalarni muhandislik kommunikatsiyalariga, jumladan, elektr, gaz va suv ta’minoti tarmoqlariga olib borish va ulash tuman (shahar)lar byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan ta’minlanadi;

xususiy sherik (investor), Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasida tuzilgan bitimga asosan qamrov va otlar sonidan kelib chiqqan holda xususiy sherik (investor)ning mablag‘lari hisobidan seksiya tashkil qilinadi;

seksiya kamida 10 yil soha bo‘yicha faoliyatini yuritadi. Bunda, ushbu muddat yakuni bo‘yicha seksiyaning amaldagi faoliyat yo‘nalishini boshqa sohaga ixtisoslashtirishga ruxsat beriladi.

Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5024-son qaroriga muvofiq tashkil qilinayotgan ot sportini rivojlantirish, naslli va zotdor otlarni ko‘paytirish, shuningdek, mahalliy va xorijiy turistlarning dam olishini tashkil qilish uchun zarur infratuzilma ob’ektlaridan iborat ko‘p tarmoqli sport majmualarining mazkur bandda ko‘rsatilgan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 2022 yil 1 martga qadar barpo etilishi va foydalanishga topshirilishini ta’minlasin.

9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xususiy sherikka (investorga) Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalarini tashkil etish uchun:

milliy valyutada ajratilgan kreditlarning 10 milliard so‘mdan oshmagan qismi bo‘yicha kredit foizi stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 бараvaриdaн ko‘p bo‘lmagan qismi;

xorijiy valyutadagi kreditlarning 10 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizиgaча, lekin 3 foizлик punktdan ko‘p bo‘lmagan qismi uch yil mobaynida kompensatsiya qilinadi.

10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:

Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari bilan birgalikda bir oy muddatda Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha rejani tasdiqlasin;

2022 yil 1 fevralga qadar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Chavandozlar maktablarini qorabayir va boshqa nasldor zotli otlar bilan ta’minlasin;

bir oy muddatda Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalarini tashkil etish maqsadida xususiy sheriklar (investorlar)ning ro‘yxatini shakllantirsin va ularga bepul foydalanish uchun tegishli bino va inshootlarni taqdim etsin;

Chavandozlar maktablari faoliyatiga tajribali trener va boshqa mutaxassislarни jalb qilish choralarini ko‘rsin;

mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi va O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasining hududiy bo‘linmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ularni mutaxassislar (uslubchilar, menejerlar va boshqalar) bilan to‘ldirishni ta’minlasin;

O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi va O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasining hududiy bo‘linmalari rahbarlari bilan har chorakda uchrashib, joylarda ot sportini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilasin.

Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi va O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi bilan birgalikda Chavandozlar maktablarida xorijiy mutaxassis faoliyat ko‘rsatishini ta’minlasin.

11. Belgilab qo‘yilsinki:

2022 yildan boshlab har yili Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalarining o‘quvchi-sportchilarini va trenerlarini rag‘batlantirish maqsadida ot sporti, zamonaviy beshkurash, polo va uloq-ko‘pkari bo‘yicha “Eng yaxshi chavandoz”, “Eng yaxshi trener” tanlovlari tashkil etiladi;

“Eng yaxshi chavandoz”, “Eng yaxshi trener” tanlovlari g‘oliblari va sovrindorlari mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi hamda O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi bilan birgalikda “Eng yaxshi chavandoz”, “Eng yaxshi trener” tanlovlarini har yili yuqori saviyada tashkil etsin, turistlarni jalb qilsin va ommaviy axborot vositalarida keng yoritsin.

12. 2021 yildan boshlab har yili sentyabr oyida Qashqadaryo viloyatida yilqichilik yo‘nalishidagi naslchilik xo‘jaliklaridagi seleksiya ishlari natijalarini baholash, shuningdek, Chavandozlar maktablarining moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash maqsadida nasldor va sport otlarini tanlash bo‘yicha “O‘zbekiston otlari” nomli ko‘rgazma tashkil qilinsin.

Qashqadaryo viloyati hokimligi (Z.Mirzayev) Turizm va sport vazirligi, Milliy gvardiya, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi hamda O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi bilan birgalikda “O‘zbekiston otlari” nomli ko‘rgazmani yuqori saviyada tashkil qilish, mahalliy va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish choralarini ko‘rsin.

13. Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalari ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan inventarlar, sport otlari, naslli mahsulotlar (materiallar), ozuqalar, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalar, vitaminlar, uskunalar va materiallar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga muvofiq bojxona bojidan ozod etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5024-son qarori 14-bandi “ye” kichik bandining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan qoida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi va O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasiga tatbiq etilsin.

14. Milliy gvardiya (R.Djurayev) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) va Toshkent viloyati hokimligi (D.Xidoyatov) bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani hududida joylashgan Milliy gvardiya 65921 harbiy qismining yordamchi xo‘jaligiga tegishli yer maydoni hududidan milliy ot sporti musobaqalari va o‘yinlarini o‘tkazish, yoshlarni milliy ot sportiga o‘rgatish maqsadida xalqaro standartlarga mos keladigan (220×80 m) yer maydoni belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasin, zarur hollarda, mazkur vazifani amalga oshirish uchun tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida
va sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.

16. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Chavandozlar maktablari faoliyatini moliyalashtirish, ular uchun noyob zotli sport otlarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni 2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5024-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Milliy gvardiya qo‘mondoni R.M.Djurayev, turizm va sport vaziri o‘rinbosari A.Q.Karimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                  Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 5 avgust