O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.

Mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilganligi hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ijrosini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlar mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning haqiqiy “ovoziga” aylantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirish, mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, mahalliy davlat hokimiyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Adliya vazirligi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari (keyingi o‘rinlarda – mahalliy Kengashlar) tomonidan ishlab chiqilgan:

Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilishi taklif etilayotgan vakolatlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tizimlashtirish taklif etilayotgan vakolat va funksiyalari 2-ilovaga muvofiq;

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda vazifalarni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq belgilash amaliyoti joriy etiladi;

normativ-huquqiy hujjatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan, mahalliy Kengashlarning qonunchilikda belgilangan vakolatlariga xos bo‘lmagan vazifalar ijrosi bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas’ul hisoblanadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda 2024 yilning 1 oktyabriga qadar O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish концепциясиni ishlab chiqish va unda quyidagi asosiy yo‘nalishlarni nazarda tutish tavsiya etilsin:

mahalliy Kengashlar, ularning organlari hamda deputatlarning nazorat faoliyatini takomillashtirish, samarali nazorat tizimini shakllantirish;

mahalliy Kengashlar tomonidan hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatiga takliflar kiritish mexanizmini belgilash;

mahalliy Kengashlarning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini takomillashtirish;

mahalliy Kengashlar qarorlarini ishlab chiqishda jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash;

mahalliy Kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish;

mahalliy Kengashlar faoliyatida o‘zaro va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

mahalliy Kengashlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, byurokratiyaga qarshi choralarni belgilash.

4. Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga xorijiy davlatlarning yetakchi ekspertlarini jalb qilsin hamda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish uchun xizmat va o‘quv safarlarini tashkil etsin.

5. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda mazkur Farmonga 3-ilovaga muvofiq qonunchilik hujjatlari bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida ixtisoslashtirish bo‘yicha takliflarni Adliya vazirligiga kiritsin.

Adliya vazirligi vazirlik va idoralar takliflari asosida uch oy muddatda tegishli qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, ushbu loyihalarning jismoniy va yuridik shaxslar uchun ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni joriy etuvchi qoidalar hamda normalarning mavjudligi nuqtai nazaridan tanqidiy ko‘rib chiqilishiga alohida e’tibor qaratilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga ikki oy muddatda mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid o‘z qarorlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazgan holda tizimlashtirish tavsiya etilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga:

2024 yil 1 iyulga qadar mahalliy Kengashlar vakolatlari, vazifalari va funksiyalarining reyestrini ishlab chiqish va yuritish;

mahalliy Kengashlar qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda yagona amaliyotni joriy qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

Adliya vazirligi bilan birgalikda mahalliy Kengashlar deputatlari va kotibiyatlari xodimlarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslarini tizimli tashkil etish tavsiya etilsin.

8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2024 yil 1 aprelga qadar:

mahalliy Kengashlar binolarining joriy holatini xatlovdan o‘tkazsin;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan birgalikda mahalliy Kengashlar binolariga va ularni moddiy-texnik jihatidan jihozlashga doir minimal talablarni ishlab chiqsin;

2024 yil 1 oktyabrga qadar xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, 2025 yil 1 dekabrga qadar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari uchun belgilangan minimal talablarni inobatga olgan holda bino (ishchi xonalar) bilan ta’minlash va jihozlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

10. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

ushbu Farmonning 1-2-ilovalarida nazarda tutilgan takliflarni ro‘yobga chiqarish maqsadida tegishli qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish to‘g‘risida;

ushbu Farmondan kelib chiqadigan boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.

11. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

            Prezidenti                                                                                                              Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2024 yil 2 fevral