O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Chet el investitsiyalarini keng jalb qilgan holda foydali qazilma konlarini sanoat usulida o‘zlashtirish, zamonaviy usullar va texnologiyalar yordamida geologiya-qidiruv ishlarini rag‘batlantirish hamda yer qa’ridan foydalanuvchilarga soliq solish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab muhim tijorat salohiyatiga ega bo‘lgan uglevodorodlar, qimmatbaho, rangli, nodir va radioaktiv metallar va boshqa turdagi rudali foydali qazilmalar ob’ektlari bo‘yicha geologik o‘rganish yoki avval o‘rganilgan yer qa’ri uchastkasida qazish ishlari uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini tanlov savdolariga chiqarishning maxsus tartibi o‘rnatiladi. Bunda:

sotuv summasi yer qa’ridan foydalanish huquqi uchun bonus summasi sifatida qaraladi va tanlov savdolari tashkilotchilarining xarajatlarini chegirgan holda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetiga o‘tkaziladi;

tanlov savdolari tashkilotchisi yoki tanlov savdolari ishtirokchilari qonunchilikda belgilangan tartibda foydali qazilmalarni qazib olishda (ajratib olishda) ayrim soliq turlari bo‘yicha soliq stavkalarini oshirilgan miqdorda taklif qilish huquqiga ega.

2. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2022 yil 1 yanvardan boshlab foydali qazilmalarni qazib olish huquqi uchun undiriladigan tijoratbop topilma bonusini hamda foydali qazilmalarni aniqlash va razvedka qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun undiriladigan imzoli bonusni bekor qilish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Belgilansinki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab:

a) geologiya-qidiruv va (yoki) izlanish ishlari o‘tkazish uchun ajratilgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i solish ob’ekti hisoblanmaydi;

b) ajratilgan maydon va foydali qazilma turlaridan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan miqdorda hisoblab chiqiladigan, geologik o‘rganishlar uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun har yillik litsenziya to‘lovi joriy qilinadi;

v) geologik o‘rganishlar uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun har yillik litsenziya to‘lovi quyidagilarga yo‘naltiriladi:

70 foizi – O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetiga;

15 foizi – viloyat mahalliy byudjetiga;

15 foizi – tuman (shahar) mahalliy byudjetiga.

4. Geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, shuningdek, ular tomonidan jalb etiladigan pudrat va yordamchi pudrat tashkilotlari quyidagilardan ozod etilsin:

konlarni qidirish, aniqlash va ishlatish davrida geologik qidiruvni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan maxsus texnikalarni vaqtincha olib kirishda davriy bojxona to‘lovlaridan;

konlarni qidirish, aniqlash va ishlatish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, moddiy-texnika resurslari va maxsus texnikalarni import qilishda bojxona bojidan.

O‘zbekiston Respublikasi hududida uglevodorod konlarini aniqlash va qidirishni amalga oshiruvchi mahalliy korxonalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 apreldagi “Neft va gaz konlarini razvedka qilish hamda ularni qazib chiqarishga bevosita xorijiy sarmoyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PF–2598-son Farmonining 4-bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq qilinsin.

Belgilansinki, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplab berish O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda, biroq ariza berilgan kundan boshlab 30 kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.

5. Belgilansinki, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab:

tabiiy gazni eksportga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i stavkasi nol foiz miqdorida belgilanadi;

yuridik shaxslar tabiiy gazni O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi.

6. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi uch oy muddatda tanlov savdolari tashkilotchisi yoki tanlov savdolari ishtirokchilariga ayrim soliq turlari bo‘yicha oshirilgan soliq stavkalarini taklif qilish huquqini bergan holda, tanlov savdolarini o‘tkazish va tanlov savdolariga qo‘yilayotgan yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqining boshlang‘ich qiymatini aniqlashni inobatga olib, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga ruxsat berish tartibini ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

7. Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga 2022 yil 1 yanvardan quyidagilarni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini kiritsin:

yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini neft va tabiiy gaz bo‘yicha 10 foizgacha, oltin va mis uchun 7 foizgacha, volfram uchun 2,7 foizgacha va uran uchun 8 foizgacha kamaytirish. Bunda uglevodorodlar, qimmatbaho, rangli, nodir va radioaktiv metallarni, shuningdek, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar (agar 2021 yil 1 sentyabrga qadar kuchga kirgan bitim va shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa) doirasida qazib olishni amalga oshiruvchi davlat ulushiga ega korxonalar uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning oshirilgan stavkalari belgilanishi mumkin;

yer qa’ridan foydalanuvchilarning kapital xarajatlarini hisobga olgan holda yangi konlarda neft, tabiiy gaz, gaz kondensati, qimmatbaho, rangli, nodir va radioaktiv metallarni qazib olish (ajratib olish)ni amalga oshiruvchi yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun renta daromadi solig‘ini joriy etish;

yangi neft va gaz quduqlarini, sanoat usulida foydalanishga topshirilgan oydan boshlab, dastlabki ikki yil davomida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish, keyingi uch yilda ushbu soliq uchun belgilangan soliq stavkasining 50 foiziga kamaytirilgan stavkani qo‘llash;

ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan va ekspertlarni jalb qilgan holda, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash tartibini yanada takomillashtirish. Bunda, 2021 yil 1 yanvardan
31 dekabrgacha bo‘lgan davrda tabiiy gaz, neft va ayrim turdagi boshqa foydali qazilmalarni qazib olishda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblashda soliq bazasi ularni tashish hamda qayta ishlash bilan bog‘liq xarajatlar summasiga kamaytirilishi belgilansin;

noruda foydali qazilmalar uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini unifikatsiya qilish;

renta daromadi solig‘ini to‘lovchi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga soliq hisobini AQSH dollarida yuritish huquqini berish.

8. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonun loyihasida mazkur Farmondan kelib chiqadigan tartiblarni nazarda tutsin.

9. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                 Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 6 oktyabr